21:35 / 07.08.2020
3571

BMT pandemiya sharoitida sanksiyalarni yumshatish yoki bekor qilishga chaqirdi

Venesuela, Eron, Yaman, Kuba, Suriya va Sudan kabi davlatlarga qarshi kiritilgan sanksiyalar koronavirus pandemiyasi sharoitida ushbu davlatlar aholisini asosiy huquqlar, jumladan sog‘liqni saqlash huquqidan mahrum qilishga olib keladi. Bu haqda Jyenevada BMTning huquq va erkinliklar sohasidagi ekspertlari ma'lum qilishdi.

Shu sababli BMT mutaxassislari jahon hamjamiyatini koronavirus bilan qamrab olingan davlatlarga dori-darmon va birinchi ehtiyojdagi buyumlar yetkazilishini qiyinlashtiruvchi sanksiyalarni bekor qilish yoki yumshatishga chaqirishgan.

Ekspertlarning bayonotini BMTning bir tomonlama sanksiyalarning inson huquqlariga salbiy ta'siri masalasi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Alyona Duxan (Belarus) va uning BMTdagi hamkasblari – Anes Kallamar (Fransiya), Tlaleng Mofokeng (JAR), Obiora Okafor (Kanada) va Maykl Fahriy (Livan) imzolagan.

“Inson huquqlarini ta'minlash uchun kiritilgan sanksiyalar aslida odamlarni o‘ldiradi va ularni asosiy huquqlardan, jumladan sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat va hattoki hayot uchun huquqlardan mahrum etadi”, deyilgan bayonotda. “Biz dori-darmon, tibbiy uskunalar, oziq-ovqat va yonilg‘i yetkazish uchun sanksiyalar kiritgan davlatlarni ularni zudlik bilan bekor qilishga, to‘xtatishga yoki minimal darajaga pasaytirishga yana bir bor chaqiramiz”, deb ta'kidlab o‘tishgan ekspertlar. 

Hujjatda ta'kidlanishicha, sanksiyalarda insonparvarlik yetkazmalari uchun ko‘zda tutilgan istisnolar aslida “ishlamaydi”.

Duxanning ta'kidlashicha, “insonparvarlik yordami yetkazishga ruxsat eng yengil tarzda taqdim qilinishi lozim. Iloji bo‘lsa, bu ruxsat yordam haqida iltimos kelib tushishi bilan avtomatik ravishda berilishi kerak”. 

“Sanksiyalar Kuba, Eron, Sudan, Suriya, Venesuela va Yaman kabi davlatlarga azob-uqubat va o‘lim keltirmoqda. Bu davlatlardagi odamlar sovun va dezinfeksiyalash vositalari kabi birinchi ehtiyojdagi buyumlarni, shifoxonalar esa odamlar hayotini saqlab qolish uchun o‘pkani sun'iy shamollatish apparatlari va boshqa qurilmalarni olishlari uchun sanksiyalar bekor qilinishi yoki yumshatilishi lozim”, deb ta'kidlab o‘tgan Duxan.

Ekspertning ma'lum qilishicha, uning hamda Qizil xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasining sanksiyalarni bekor qilishga apreldagi chaqiriqlaridan keyin “vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmagan”.

Top