19:13 / 07.08.2020
4336

«Himoya orderi yechim emas» – Senat raisi xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish haqida

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Senatning 6-yalpi majlisida xotin-qizlarning zo‘ravonlik va tazyiqqa duch kelish holatlari bo‘yicha axborot berdi.

Foto: Senat matbuot xizmati

«2020 yilning fevral oyidan boshlab tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga himoya orderini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Hozirga qadar 2776 nafar xotin-qizga himoya orderlari berilgan. Zo‘ravonlik qilgan 4934 nafar shaxsga nisbatan cheklovlar o‘rnatilgan.

Shunga qaramay, cheklovlarga amal qilmaslik holatlari kuzatilmoqda. Oqibatda 11ta holatda cheklovlar qayta joriy etildi.

Shu bilan birga, himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlik choralarini belgilashni qonunga kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda», dedi vazir.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, himoya orderlarining 1500ga yaqini jismoniy, 1000dan ziyodi ruhiy, 20ga yaqini jinsiy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha berilgan. Shuningdek, iqtisodiy zo‘ravonlikdan himoyalash uchun order berish holatlari ham kuzatilgan.

Senat raisi Tanzila Norboyeva xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyalash uchun faqatgina order berish bilan cheklanib qolmaslik kerakligin ta'kidladi.

«Himoya orderini olish bilan muammo yechilmaydi. Bu ishda Ichki ishlar vazirligiga Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi yordam berishi kerak. Order berish amaliyoti joriy qilinganiga olti oy bo‘ldi, ammo haligacha order olgan shaxsning holati haqida hisob-kitob, tahilil yo‘q. Balki bunday xotin-qizlarga psixolog, shifokorlarning yordami kerakdir. Himoya orderini oldi, bir oy o‘tdi-ketdi emas, oiladagi muhitni sog‘lomlashtirish kerak», dedi Norboyeva.

Top