14:00 / 07.08.2020
21316
Nurobodda 7 yilda ham egasiga topshirilmagan namunaviy uy «to‘kilish» arafasida

Ochig‘ini aytganda, qurilganiga 7 yil bo‘lib ham hali-hamon quruvchi va uy egasi o‘rtasida qabul qilish-topshirish amalga oshirilmagan uy borligiga faoliyatimizda ilk marta duch kelib turibmiz.

Qurilish sohasida tez-tez xato-kamchiliklarga oid murojaatlarga duch kelamiz. Aynan yangi qurilgan namunaviy uylardagi kamchiliklar ham bir necha bor yoritilgan. Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi holatning boshqalardan farqi shuki, fuqaro kamchiliklar bartaraf etilmaguncha uyni qabul qilmaslikka ahd qilgan. Qurilish korxonasi ham aftidan «o‘jar» ekan, fuqaro aytgan kamchiliklar bartaraf etilmagan, o‘sha dalolatnomasiz ham ishni to‘xtatgan ko‘rinadi.

Tumanning «Nurbuloq» mahallasida 2013 yil qurilgan namunaviy uy egasi Abdumo‘min Qobilov ana shu haqda 7 yildan beri turli idoralarga murojaat qiladi.

Uning murojaatiga ko‘ra, uy qurilgach, foydalanishga topshirilish e'lon qilingan vaqtda kelib uyni ko‘rib kamchiliklarga guvoh bo‘lgan va e'tirozlarini bildirgan. Xususan, A.Qobilov uyning ichki va tashqi devorlari notekis va sifatsiz suvoq qilingani, hovli devorlarining bir qismi suvoq qilinmagani, pollar sifatsiz o‘rnatilgani, loyiha-smetasida ko‘rsatilgan vanna, gaz plitasi, suv isitkich, unitaz va lyustralar o‘rnatilmaganidan norozi bo‘lgan.

«Qator idoralarga murojaat qilaverganimdan so‘ng, 2016 yil tuman hokimligiga meni va qurilish korxonasi — «Xavas IUS» vakillarini chaqirishdi. Masala muhokama etildi va quruvchi kamchiliklarni bartaraf etishni gardaniga oldi.

Ammo shundan keyin ham oradan to‘rt yil o‘tdi. Bu orada ham qator idoralarga murojaat qildim. 2019 yilda muammo yuzasidan viloyat prokuraturasiga qilgan murojaatim tuman prokuraturasiga yuborilibdi, tuman prokuraturasi esa murojaat qonuniy hal etish va natijasi haqda murojaat egasiga ma'lum qilish uchun arizamni tuman hokimligiga yuboribdi. Tuman hokimligi esa muammoni bartaraf ham etmadi, bartaraf etmagach, tabiiyki menga javob xati ham yubormadi.

Haqiqatan ham uy 7 yildan buyon fuqaroga topshirilmaganmi? Masalaga oydinlik kiritish uchun Nurobod tuman hokimligiga vakillaridan izoh so‘radik. Hokimlik taqdim etgan ma'lumotda fuqaroga uyi topshirilgani, 2015 yilda uning uyga egalik qilish to‘g‘risida hokim qarori ham chiqarilgani ma'lum qilingan. Ammo quruvchi yoki buyurtmachi (Samarqand viloyat «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi) va fuqaro o‘rtasida qabul qilish-topshirish dalolatnomasi imzolanganmi yo‘qmi? Ana shu savolga hokimlikdan ham aniq javob ololmadik.

Mazkur uylar qurilishida buyurtmachi «Qishloq qurilish invest» hisoblanadi. Fuqaro aynan shu tashkilot bilan shartnoma imzolagan, shartnoma shartlaridan biri shuki, buyurtmachi qurilish tayyor uyni qabul qilishi va fuqaro bilan qabul qilish-topshirish hujjatlarini imzolashi lozim. Aniqrog‘i, buyurtmachi (viloyat «Qishloq qurilish invest») uyni qurilish korxonasidan qabul qilib olishi, shundan so‘ng esa yakka tartibda uy quruvchi (fuqaro)ga uyni dalolatnoma bilan topshirishi lozimligi ko‘zda tutilgan.

Abdumo‘min Qobilov buyurtmachi — Samarqand «Qishloq qurilish invest»ga bir necha marta og‘zaki va yozma tarzda murojaat qilib keladi. 2019 yil 22 aprel kungi mazkur tashkilotga yozgan xatida ham A.Qobilov aynan uy haligacha topshirilmaganini ma'lum qiladi. Uy qurilishida bajarilgan ishlarga aniqlik kiritishni hamda loyiha-smeta hujjatlarini so‘raydi.

Biroq, «Qishloq qurilish invest» IK fuqaroning faqat uchinchi talabi — loyiha-smeta hujjatlari qismiga javob beradi va aytilgan hujjatlarni yetkazadi. Ammo qurilishdagi noaniqliklar, ayniqsa, uyning fuqaroga (dalolatnoma asosida) topshirilmagani yuzasidan fuqaroga javob xatida lom-mim deyilmaydi. Axir, topshirishi kerak bo‘lgan tashkilot — «Qishloq qurilish invest»ning o‘zida!

Nima ham derdik, ehtimol, bu yerda boshqa muammo ham bordir. Ammo biz tashkilotning aynan shu muammo yuzasidan fuqaroga yuborilgan javob xatida ko‘rsatilgan ijrochisi bilan bog‘langanimizda mutaxassis qisqa qilib bu masala bo‘yicha hech narsa bilmasligini ma'lum qildi.

2019 yil A.Qobilov Samarqand viloyat Qurilish nazorati inspeksiyasiga ham murojaat qilib ko‘rgan. Biroq inspeksiya javob xatida loyihada ko‘rsatilgan ishlar quruvchi tomonidan to‘liq bajarilgani, uydagi barcha kamchiliklar va nuqsonlar 6 yil davomida uy egasiz qolganidan ekanini ma'lum qiladi. Hatto uyning devorlari darz ketgani, pol qismidagi kamchiliklar ham aynan qarovsizlikdan ekani aytiladi. Ayrim jihozlar yo‘qligi esa noma'lum kishilar tomonidan olib ketilgani bilan izohlanadi. Ammo uyning fuqaroga topshirilmaganiga bu tashkilot ham izoh bermaydi.

Uy shuncha yildan beri qarovsiz qolgani ham bor gap. Ammo qator kamchiliklar, misol uchun eshiklarda hatto tutqichning, agar u o‘g‘irlab ketilgan bo‘lsa tutqich izining ham yo‘qligi bizningcha, qarovsizlikdanmas, uning o‘rnatilmaganidan bo‘lsa kerak...

Ikkinchi tomondan, agar uy fuqaroga rostdan ham dalolatnoma bilan topshirilmagan bo‘lsa, toki topshirilguniga qadar uning sifati, qarovi uchun aslida kim javobgar?

Qurilish korxonasi — «Xavas IUS» vakillarini topib bo‘lmadi. A.Qobilovning aytishicha, bu korxona allaqachon yopilib ketgan.

Xullas, mana shu tarzda fuqaro va tashkilotlar o‘rtasida xatlar «oldi-berdi»si bilan haqiqatan ham uy necha yildan buyon qarovsiz qolgan. A.Qobilov «axir, uyni menga topshirishmagach, qarovsiz qolishi aniq-ku?» demoqda.

Muammo yuzasidan Nurobod tumani hokimligi va maqolada tilga olingan tashkilotlardan qator savollarimizga javob kutamiz: qurilgan uy egasiga dalolatnoma bilan topshirilishi kerakmi? Agar dalolatnoma mavjud bo‘lib, uy qonun-qoidalarga mos ravishda topshirilgan bo‘lsa, nega shu hujjat xatlarda aks etmayapti, fuqaroga taqdim etilmayapti? Yoki, rostdan ham qabul qilish-topshirish dalolatnomasi tuzilmagan va uy egasiga shu tarzda topshirilmagan bo‘lsa, shuncha yillik qarovsizlik natijasida yuzaga kelgan zararni kim qoplab beradi?

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri.
Jahongir Aliboyev olgan suratlar.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top