12:47 / 07.08.2020
5015

Odam savdosiga qarshi kurashda NNTlar bilan hamkorlik kuchayishi kutilmoqda

Odam savdosiga qarshi kurash masalasida davlat organlarining nodavlat-notijorat tashkilotlar bilan hamkorligini kuchaytirish kutilmoqda. Bu Senatning 6-yalpi majlisida ma'qullangan «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririda ko‘zda tutilgan.

Foto: Senat matbuot xizmati

Hujjat muhokamasi jarayonida qayd etilishicha, amaldagi «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunda odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilish, ularga yordam berish masalalariga doir aniq qoidalar tartibga solinmagan, voyaga yetmaganlar savdosiga qarshi kurashishning o‘ziga xosliklari, jabrdiydalarni indentifikatsiya qilish, yordam berish va himoya qilishning huquqiy maqomi belgilamagan.

Shu nuqtayi nazardan hujjatning yangi tahririda bu masalalarni qamrab olish, shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashda nodavlat-notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikni yaxshilash ko‘zda tutilgan.

«Hozirda respublikada 9 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari mavjud bo‘lib, ularning 100ga yaqini odam savdosiga qarshi kurashish borasida ish olib bormoqda. Qonunda mazkur yo‘nalishga doir faoliyatni amalga oshirayotgan davlat organlariga ko‘maklashuvchi tashkilotlar qatorida nodavlat-notijorat tashkilotlari ham belgilanib, ularning vakolat va vazifalari aniq ko‘rsatilmoqda», dedi senator Matluba G‘aniyeva.

Senat raisi Tanzila Norboyeva odam savdosiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlarni qoniqarsiz baholadi.

«Odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha hozirda olib borayotgan ishimiz talabga javob bermaydi. Bu bo‘yicha bir yil avval prezident farmoni («Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida») qabul qilingan edi. Lekin biz haligacha yaxshi natijalarga erisha olganimiz yo‘q.

Fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat-notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari bu borada bizning eng yaqin hamkorimiz bo‘lishi kerak. Idorada o‘tirib olib, forma kiyib o‘zimiz kurashyapmiz, desak, hech qanday natijaga erisha olmaymiz.

Odam savdosiga qarshi kurashda alohida yo‘nalishlardan biri – chaqaloqlar savdosi. Chaqaloqlar savdosi bilan bog‘liq holatlar yoki avval aytilmagan, yoki hozir ko‘payib ketdi. Buni keltirib chiqarayotgan omillarni ham aniqlash kerak – ayollarda bolasiga mehr yo‘qoldimi yoki unga mablag‘ shunchalik zarurmiki, arzimagan pulga farzandini sotyapti?!», deya Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, odam savdosidan jabr ko‘rganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishni tizimli tashkil qilish uchun ular haqidagi ma'lumotlar jamlangan yagona axborot bazasi yaratiladi.

Top