18:53 / 07.08.2020
5414
O‘zbekistonda har uchta qotillikdan bittasi qarindoshlar orasida ro‘y bermoqda - IIV

Senat yalpi majlisida chiqish qilgan ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2020 yilning dastlabki 6 oyida respublika bo‘yicha qayd etilgan jinoyatchilik ko‘rsatkichlari haqida ma'lumot berdi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Unga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida respublika bo‘yicha 21 353ta jinoyat sodir etilgan.

«Hozirgacha jinoyatchilik ko‘rsatkichlarini oldingi yillarga solishtirgan holda yuritish amaliyoti qo‘llanilgan edi. Endilikda xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, jinoyatchilik statistikasi respublika aholisining har 100 ming nafariga to‘g‘ri keladigan ulushdan kelib chiqqan holda yuritilmoqda.

2020 yilning dastlabki 6 oyida 21 535ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu har 100 ming kishiga o‘rtacha 60ta jinoyat degani. 2019 yilda har 100 ming kishiga 139ta jinoyat holati to‘g‘ri kelgan bo‘lib, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari orasidagi eng ijobiy natija sifatida qayd etilgan.

Tahlillarga ko‘ra, jinoyatlarning har uchinchisi (35 foizi) oldingi yillarda sodir etilgan, ammo jinoyat ishi endi qo‘zg‘atilgan. O‘tgan olti oyda kuzatilgan jinoyatlarning 95,2 foizi fosh qilindi, tergov organlaridan yashirinib yurgan 1051 nafar shaxs qo‘lga olindi, 261 nafar bedarak yo‘qolganlar topildi», deya Po‘lat Bobojonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Vazir oila munosabatlari doirasida sodir etilayotgan jinoyatlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Karantin tufayli ko‘pchilik uyda vaqt o‘tkazmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, uzoq muddat chet elda yurgan fuqarolarning 112 ming nafari qaytib kelgan.

O‘tgan 6 oyda respublika bo‘yicha kuzatilgan qotillik jinoyatlarining har uchinchisi (203ta holatdan 71tasi), og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining har beshinchisi oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilmoqda.

Shuningdek, o‘z joniga qasd qilish holatlarining har oltinchisi o‘z vaqtida hal etilmagan oilaviy kelishmovchiliklar natijasida amalga oshirilgan», – dedi Po‘lat Bobojonov.

Top