20:36 / 07.08.2020
7261
«Tanqidlar bo‘lmasa, yaxshi ishlamagan bo‘lardik» – Senat raisi jurnalistlarga minnatdorchilik bildirdi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ommaviy axborot vositalari xodimlariga minnatdorlik bildirdi.

«Ommaviy axborot vositalariga yana bir marta minnatdorlik bildirmoqchiman. Chunki bor og‘riqli nuqtalarimizni ular ko‘rsatishyapti.

Bugun ham Yakkabog‘ va Angrenda ichki ishlar xodimlari odamlarga yaxshi munosabatda bo‘lmagani haqida ijtimoiy tarmoqlarda ma'lumot chiqib, reaksiya bildirildi.

Ommaviy axborot vositalari va blogerlar kundalik ma'lumotni yetkazib turibdi. Shu tanqidlar bo‘lmasa, biz yaxshi ishlamagan bo‘lardik. Mana shu tanqidlar bor ekan, ishimizda sal-pal siljish bo‘lyapti. Ulardan xafa bo‘lmasdan, tanqidlarini to‘g‘ri qabul qilib, ular bilan hamkorlik qilishni, tizimli ishlashni deputatlar va senatorlardan iltimos qilaman», dedi Tanzila Norboyeva.

Parlament yuqori palatasi tomonidan oltinchi yalpi majlisda ko‘rilgan barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shuningdek, Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.

Yalpi majlisda 16ta masala, shu jumladan, 8ta qonun ko‘rib chiqildi. Muhokama qilingan qonunlarning bittasini rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

Top