07:45 / 08.08.2020
3136
AQSh Hongkong ma'muriyati rahbari Kerri Lamga qarshi sanksiyalar kiritdi

AQSh ma'muriyati Hongkongning 11 nafar mansabdor shaxsi, jumladan Xitoyning ushbu maxsus hududi ma'muriyati rahbari Kerri Lamga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda AQSh moliya vazirligi saytida ma'lum qilingan.

Foto: EPA-EFE/JEROME FAVRE

“Kerri Lam Pekinning ozodlik va demokratik jarayonlarni bostirish bo‘yicha siyosatini amalga oshirish uchun bevosita javobgar. Lamga qarshi sanksiyalar Hongkong milliy xavfsizligini ta'minlash haqidagi qonunning ishlab chiqilishida, qabul qilinishida va amalga oshirilishidagi ishtiroki uchun kiritilmoqda”, deyilgan xabarda. 

Lamdan tashqari, AQSh sanksiyalari ostiga Hongkong politsiyasi komissari Kris Tan, xavfsizlik masalalari bo‘yicha kotib (vazir) Jon Li, adliya ishlari bo‘yicha kotib Tereza Chen (Chjen Joxua), Hongkong milliy xavfsizlik qo‘mitasi bosh kotibi Erik Chan (Chen Gotszi), Xitoy hukumatining Hongkongdagi devonxonasi rahbari Lo Xueynin va boshqa amaldorlar tushgan.

Vashingtonning ta'kidlashicha, sanksiyalar ro‘yxatiga tushganlar “Hongkong avtonomligiga putur yetkazish hamda so‘z va yig‘ilishlar erkinligini cheklashga” aloqador. 

“AQSh Hongkong xalqini qo‘llab-quvvatlaydi, biz ularning avtonomligiga rahna soluvchilarga qarshi o‘z vositalarimiz va vakolatlarimizni qo‘llaymiz”, deb aytgan AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin.

Sanksiyalar ostiga tushganlarning AQShdagi aktivlari muzlatiladi, AQSh fuqarolari va kompaniyalariga ular bilan biznes olib borish taqiqlanadi.

Top