12:31 / 08.08.2020
24692
O‘rta-maxsus ma'lumotli yo‘l-patrul xodimlarini oliy ma'lumotlilariga almashtirish choralari ko‘rilmoqda – vazir

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov respublikadagi yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda joriy yilning dastlabki olti oyida sodir etilgan jinoyatlarning har uchinchisi firibgarlik, o‘g‘rilik va yo‘l-transport hodisalari hisoblanadi.

“Yanvar-iyun oylarida yo‘l-transport hodisalari soni 8, ularda vafot etganlar soni 9,8, jarohatlanganlar soni 20,4 foizga kamaygan.

Lekin bu sohada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Birgina misol. So‘nggi uch yarim yilda qasddan sodir etilan jinoyatlar natijasida 1,5 mingga yaqin odam vafot etgan bo‘lsa, yo‘l-transport hodisalari oqibatida 5 baravar ko‘p – 7,5 ming fuqaro hayotdan ko‘z yumgan.

Yo‘l harakati qoidabuzarligini kamaytirish maqsadida og‘ir oqibatli holatlarni ijtimoiy tarmoqlarda yoritish, yo‘l-patrul xodimlarini o‘qitish, bu holatlarni keltirib chiqarayotgan omillarni tahlil qilish ishlari olib borilmoqda”, dedi vazir 7 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Senatning 6-yalpi majlisida.

Bobojonov yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq eng katta muammoni aytdi.

“Eng katta muammo – haydovchilik madaniyati. O‘tgan olti oy ichida 11 mingdan ziyod haydovchi avtomobilni mast holda boshqargan. 79 mingdan ortiq piyoda yo‘l qoidasini buzgan, 15188ta holatda avtotransportni boshqarish chog‘ida mobil telefondan foydalanilgan, 360 ming nafar haydovchi avtoulovni xavfsizlik kamarini taqmagan holda boshqargan. Bu holatlar kam ahamiyati bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin aynan shu kabi qoidabuzarliklar og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.

Bunday holatlarning oldini olish uchun har bir oilada, tashkilotda targ‘ibot yuritish, haydovchilarning bilimini oshirish ishlari olib borilmoqda.

Hozirda xizmat qilayotgan yo‘l-patrul xodimlarining to‘rtdan bir qismi o‘rta-maxsus ma'lumotga ega. Bosqichma-bosqich tarzda ularni oliy ma'lumotli xodimlarga almashtirish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, sifatsiz yo‘llarni ta'mirlash, radarlarni ko‘paytirish masalalari ham ko‘rilmoqda”, deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top