17:46 / 08.08.2020
24697
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi, kompozitor Anvar Ergashev vafot etdi

Anvar Ergashev Milliy simfonik orkestri bosh dirijyori va Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik teatri badiiy rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 

Taniqli kompozitor va dirijyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi, “O‘zbekkino” milliy agentligi badiiy kengashi a'zosi Anvar Ergashev vafot etdi. Bu haqda “O‘zbekkino” xabar berdi

Anvar Ergashev 1954 yil 19 aprel kuni Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat konservatoriyasida fortepiano, kompozitsiya va opera-simfonik dirijyorligi ixtisoslari bo‘yicha tahsil olgan. U Milliy simfonik orkestri bosh dirijyori va Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik teatri badiiy rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 

A. Ergashev 50dan ortiq badiiy va musiqiy filmlar, spektakllar bastakori, ko‘plab qo‘shiq hamda musiqalar muallifi. Uning kinodagi ishlari sirasiga “Bomba”, “Sharif va Ma'rif”, “Osmondagi bolalar”, “Alanga ichidagi farishta”, “Oq bino oqshomlari”, “Uch qirol jangi”, “Oyi” filmlari kiradi. Yetuk kompozitorning so‘nggi ishi bir necha oy oldin premerasi bo‘lib o‘tgan “101” kinoasari edi.  

“O‘zbekkino” milliy agentligi jamoasi marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan.

Top