23:39 / 08.08.2020
13126
Qo‘shni davlat OTMlarida masofaviy tarzda o‘qigan talabalar o‘qishini nega O‘zbekistonga ko‘chirolmaganiga izoh berildi

8 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2020-2021 o‘quv yiliga tayyorgarlik va kirish imtihonlariga oid masalalar bo‘yicha ma'lumot berildi.

Anjuman davomida oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidovga qo‘shni davlatlarda masofaviy shaklda ta'lim olgan va o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chira olmayotgan talabalar masalasida savol berildi.

Inomjon Majidov bunga javoban xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan mahalliy oliygohlarga o‘qishni ko‘chirayotgan talabalarga asosiy tartiblar tushuntirilgani hamda bu boradagi asosiy muammo O‘zbekistondagi OTMlarda masofaviy tarzda o‘qitish shakli yo‘qligi ekanligini ta'kidladi.

«Talabalar xorijdan o‘qishni ko‘chirayotganda shu o‘quv shakllarida tahsil olgan bo‘lishlari kerak. Mahalliy OTMlarda masofaviy tarzda o‘qitish shakli yo‘q, shu sababli bu shaklda o‘qiganlar o‘qishini ko‘chirolmaydi. 

O‘sha vaziyatda talabalarga qo‘shimcha imkoniyat yaratib berdik. Ya'ni talaba xorijda masofaviy shaklda o‘qiyotgan bo‘lsa, lekin ma'lum vaqt oralig‘ida o‘quv mashg‘ulotlariga oid topshiriqlarni OTMga borib olayotgan bo‘lsa, biz uni mahalliy OTMga qabul qilamiz, deyildi. 

Ayrim vaziyatlarda talaba o‘quv yurtiga umuman bormaganligi aniqlandi. Demak, bunday talabalarning hujjatlarini qabul qilolmaymiz. Masofaviy tarzda o‘qigan talaba ma'lum vaqt oralig‘ida o‘zi o‘qiydigan OTMga borib turganligini tasdiqlash uchun hujjatlar taqdim etishi shartmas. Pasportini taqdim etsa bo‘ldi. Shunda ko‘rinadi talaba haqiqatan o‘qishga borganmi-yo‘qmi”, – deya Inomjon Majidovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top