01:16 / 08.08.2020
30075

Termizda YPX xodimining talabiga bo‘ysunmay qochishga uringan taksi haydovchisi tez yordam mashinasi bilan to‘qnashdi

7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda taksi haydovchisi YPX xodimini mashina kapotida olib ketayotgani aks etgan videolar tarqaldi. YHXBB holat bo‘yicha ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, hodisa 7 avgust kuni Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida sodir etilgan.

«Viloyat IIB Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi PPX bataloni 1-otryad safdor xodimi Sh.Rahimov hamda viloyat IIB YHXB yo‘l-patrul xizmati otryadi 1-safarbar guruhi inspektori safdor Sh.Nazarovlar tasdiqlangan rejaga asosan Termiz shahri I.Karimov ko‘chasida xizmat olib borayotgan vaqtida «Matiz» rusumli avtomashina svetoforning taqiqlangan chirog‘ida harakatlanib kelgani uchun to‘xtatiladi.

YPX xodimi o‘zini tanishtirib, haydovchidan avtomashinani chetga olishini va hujjatlarini taqdim etishini so‘raydi. Shunda haydovchi YPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan yo‘lini to‘sib chiqqan PPX xodimining ustiga qarab harakatlanadi. 1983 yilda Termiz shahrida tug‘ilgan haydovchi U.K. PPX xodimi mashinasining kapotiga osilib qolganiga qaramay harakatni davom ettiradi», deyiladi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan e'lon qilingan axborotda.

YHXBB tomonidan taqdim etilgan videoda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan «Damas» haydovchisi «Matiz»ning yo‘lini to‘sib qo‘yib, taksi haydovchisining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yishga harakat qilgani, biroq «Matiz» haydovchisi unga chap berib harakatni davom ettirganini ko‘rish mumkin. Ma'lum bo‘lishicha, PPX xodimi tezlik pasayganidan foydalanib, mashina kapotidan tushib olishga muvaffaq bo‘ladi.

Ta'kidlanishicha, «Matiz» ko‘p o‘tmay Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga tegishli bo‘lgan «Damas» rusumli tez yordam mashinasi bilan YTH sodir etadi.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ayni paytda mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv o‘tkazilayotganini ma'lum qilgan.

Top