08:16 / 08.08.2020
1689
Uber taomlar yetkazishdan ilk bor taksi xizmatidan ko‘ra ko‘proq foyda oldi

Uber kompaniyasi chorak bo‘yicha taomlar yetkazishdan ilk bor taksi xizmatidan ko‘ra ko‘proq tushum oldi. Kompaniyaning yo‘lovchilar tashishdan chorak bo‘yicha olgan tushumi 3,05 mlrd dollarni, taomlar yetkazishdan olgan tushumi esa 6,96 mlrd dollarni tashkil qilgan. Bunday raqamlar kompaniyaning 2-chorak bo‘yicha hisobotida keltirilgan.

Kompaniya sof zararni 66 foizga, ya'ni 1,8 mlrd dollargacha qisqartira olgan. 2019 yil 2-choragida bu ko‘rsatkich 5,24 mlrd dollarni tashkil qilgan.   

Kompaniyaning yo‘lovchilarni tashish biznesidan olgan tushumi 75 foizga qisqarib, 3,05 mlrd dollarni tashkil qilgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 12,188 mlrd dollarga yetgan edi.   

Uber’ning taomlar yetkazishdan olgan tushumi taksi xizmatidan olgan tushumidan 2 marta ko‘proqni - 6,96 mlrd dollarni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich 2019 yildagiga nisbatan 206 foiz ko‘proqni tashkil qilgan: kompaniya o‘shanda taomlar yetkazishdan 3,38 mlrd dollar olgan.    

“Koronavirus pandemiyasi taomlar yetkazishni lyuks toifadan oddiy maishiy xizmatlar toifasiga aylantirdi”, deb izoh bergan kompaniya bosh direktori Doro Husravshohiy.

Uning ta'kidlashicha, kompaniyaning taksi biznesi dunyoning turli qismlarida turlicha pasaygan: 2-chorakda AQShda taksida tashuvlar soni yil hisobida 50-85 foizga, Yevropaning yetakchi bozorlari, jumladan, Fransiya, Ispaniya va Germaniyada 35 foizgagina kamaygan.

Kompaniya zararlarni qisqartirish uchun 2020 yil mayida 6700 xodimini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lgan va 45 ta ofisini yopishini e'lon qilgan.

Top