16:27 / 08.08.2020
10572
Umumiy tibbiyotga bo‘lgan ishonch yo‘qolishi mumkin – blogerlar koronavirusni davolashga oid ma'lumotlardagi noaniqliklarga munosabat bildirdi

Bugun, 8 avgust kuni Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasida blogerlar e'lon qilinayotgan koronavirusga oid ma'lumotlarda noaniqliklar kuzatilayotgani haqida munosabat bildirdi. Ularning qayd etishicha, tor ilmiy doiralarda hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar aniqlashtirilib, keyin ommaga ma'lum qilinishi, barcha tavsiyalar bir-biriga mos kelishi kerak.

Bloger, jurnalist Aziza Qurbonovaning ta'kidlashicha, koronavirus bilan bog‘liq hamma savollarga javob berishi kerak bo‘lgan odamlarning o‘zida shubha bo‘lmasligi kerak.

«Agar qaysidir shifokor osma ukol (tomchi dori) olma, qaysidir shifokor esa busiz davolana olmaysan, deydigan bo‘lsa, xalq kimga ishonishi kerak? Qaysi bloger, qaysi jurnalist bunday ma'lumotning to‘g‘riligini tekshirib ko‘ra oladi? Faqat tibbiy niqoblar bilan bog‘liq emas, insonlar taqdiri bilan bog‘liq hali oxiriga yetkazilmagan qarorlar yoki tavsiyalarni tekshirish imkoni yo‘q. Shuning uchun bugun odamlar orasida axborot bo‘linishi kuzatilmoqda: kimdir bir tarafga, yana kimdir esa boshqa bir tarafga ishonadi», - deya munosabat bildirdi Aziza Qurbonova.

Bloger o‘zi ham shifokor oilasidan ekanini, ularning mehnatini qadrlashini, lekin e'lon qilinadigan qarorlar, tavsiyalar bir-biriga mos kelishi kerakligini aytib o‘tdi.

Bloger Shahnoza Soatova esa tor ilmiy doiralarda hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar aniqlashtirilib, keyin ommaga ma'lum qilinishi kerakligini ta'kidladi.

«Hozir odamlar gangib qolgani sezilyapti. Bu umumiy tibbiyotga bo‘lgan ishonch yo‘qolib, odamlar xalq tabobatidan foydalanishi yoki umuman davolanmay qo‘yishi va yoki o‘zboshimchalik bilan davolanishiga olib kelishi mumkin.

Bu bitta preparat yetkazgan zarardan kattaroq bo‘lishi mumkin», - dedi Shahnoza Soatova.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top