18:56 / 08.08.2020
11057
Vazir mahalla raislari faoliyatiga bo‘layotgan e'tirozlarga munosabat bildirdi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov mahalla fuqarolar yig‘ini raislari faoliyatiga nisbatan bo‘layotgan e'tirozlar bo‘yicha munosabat bildirdi.

“Mahalla fuqarolar yig‘inlari raisligi uchun saylov o‘tkazilgan. Sergeli tumanidagi bitta mahallani oltitaga bo‘lib, 5ta mahalla raisini qo‘yishimizga tuman kengashining, shahar kengashining qarorini chiqarish, hujjat tayyorlash uchun uch kun vaqt ketdi.

1000dan oshiq mahalla raisining ishi qoniqarsiz baholangan. 364ta mahallada ish yaxshi tashkil qilinmagan. 136ta mahallada saylov tashkil qilish kerak. Buning uchun ilgari shahar/tuman kengashlari bo‘lgan. Kengash tugatilgach, masala ochiq qoldi. Mahalla raislari saylov orqali qo‘yilgan. Ularga ta'sir chorasini o‘tkazish, ular ustidan tushadigan arizani tekshirish uchun yo prokuratura yo boshqa joyga chiqadigan bo‘lsam, bu ham bitta muammo.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalla bilan bog‘lanish imkoni bo‘lganida tizimda birontasini uxlatmasdim, tindirmasdim, chunki biz ishonch bildirilgan tizimmiz. Deputatlar meni qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lsa, tizimni 24 soat ishlatib, hammasini joyiga qo‘yishga tayyormiz. Faqat bizga ko‘mak kerak. Chunki saylov bo‘lgan. Hozir to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib tashlay olmaymiz.

2022 yilda saylov bo‘ladi. Ungacha o‘zgarishlar kiritilyapti. Lekin hozirgi paytdagi muammolar-chi? Mahalla raislarining 276 nafari o‘rta ma'lumotli, 1700 nafardan ortig‘ining yoshi 65dan oshgan. Ularni o‘qitish masalasi bor. Lekin qayerda va qachon?!”, dedi u Senatning 7 avgust kuni o‘tkazilgan 6-yalpi majlisida.

Senat raisi Tanzila Norboyeva muammolarni hal qilish uchun mahalla raislarini o‘qitish kerakligini ta'kidladi.

“Mahalla raislarini o‘qitish kerak. Ishdan bo‘shataverishimz mumkin. Lekin tayyor kadr qayerda bor? Shuning uchun mavjud kadrlarni o‘qitish kerak. Jamiyatda mavjud bo‘lgan muammolarga nisbatan o‘qitish kerak, umumiy mavzulardan ma'ruza o‘qish emas. Keraksiz matnlar bilan ma'ruza o‘qishadi. Shuning uchun o‘qitishning hech samarasi bo‘lmayapti.

Ularning bilim darajasini inobatga olib o‘qitish, sodda tilda tushuntirish, ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni o‘rgatish kerak.

Mahalla mablag‘ ajratishda nega xato qilyapti? Birinchidan, nafs balosi bordir. Ikkinchidan, ularda xizmat ko‘rsatish ko‘nikmasi ham yo‘q. Ijtimoiy yordam berish, ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni mutlaqo bilmaydi”, dedi Norboyeva.

Top