08:31 / 10.08.2020
1609
Baholash faoliyatida davlat ishtirokini qisqartirish rejalashtirilmoqda

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek investorlar uchun shaffof va tushunarli tarzda aktivlarni baholash, xalqaro standartlarga asoslangan baholash faoliyatini yuritish bo‘yicha zamonaviy talablarga javob beradigan yangi tahrirdagi «Baholash faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilish uchun joylashtirilgan.

«Baholash faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunning amaldagi tahririda davlat monopol o‘rin egallagan bo‘lib, professional jamoat tashkilotlarining ushbu masalalarda ishtirok etish imkoni minimallashtirilgan.
 
Norma’ning yozishicha, Qonun matnida ko‘p sonli turfa xil qonunosti hujjatlar bilan tartibga solinadigan havolaki normalar talaygina. Bu baholash faoliyati sohasida huquqni qo‘llash amaliyoti birligini ta'minlashni qiyinlashtiradi, bu esa ko‘rsatilayotgan baholash xizmatlari sifatiga ta'sir ko‘rsatadi. Shu sababli yangi qonun loyihasini ishlab chiquvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan normalardan foydalandilar. Bunda loyiha 59 moddadan iborat bo‘lib, 9 bobga ajratilgan (amaldagi Qonunda – 22 ta modda).
 
Qonun loyihasining maqsadi – davlat ishtirokini kamaytirish, bir vaqtning o‘zida professional jamoat tashkilotlarining rolini oshirish, baholash sifatini va ko‘rsatilayotgan baholash xizmatlari uchun javobgarlikni oshirish yo‘li bilan baholash faoliyatini davlat tomonidan boshqarishdan o‘zini o‘zi boshqarishga bosqichma-bosqich o‘tish.
 
Xalqaro baholash standartlari (2020 yil yanvarda kuchga kirgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan) prinsiplari qonun loyihasiga asos bo‘lgan. Loyihada quyidagilar nazarda tutilgan:

baholovchi tashkilotlarning davlat tomonidan litsenziyalanishini bekor qilish va baholovchi tashkilotlarning professional jamoat tashkilotlariga a'zoligi tushunchasini joriy etish;

baholovchi tashkilotlarga jamoat tashkilotlarini mustaqil ravishda tuzish imkonini berish.
 
Professional jamoat tashkilotlarining baholash faoliyati sohasidagi funksiya va vakolatlari ancha kengaytirilgan. Xususan, qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilgan:

ularga o‘z a'zolarining qonun hujjatlarini bajarishlari ustidan nazorat qilish vakolatini berish;

baholash to‘g‘risidagi hisobotlarning ishonchliligiga oid masalalarni sudgacha ko‘rib chiqish;

o‘z a'zolarining reytingini yuritish;

a'zolikka oid talablarni, professional xulq-atvor kodeksini, baholash xizmatlarining sifatini oshirish uchun uslubiy materiallarni ishlab chiqish;

jamoat tashkilotlarining baholash faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etishi.
 
Loyihada tartib-taomilga oid barcha masalalarni avtomatlashtirish va inson omilini imkon qadar istisno qilish nazarda tutilgan. Buning uchun maxsus axborot resursi – real vaqt rejimida ishlovchi baholash faoliyatining yagona axborot platformasi (BFYaAP) tashkil etiladi.
 
BFYaAP baholash bo‘yicha hisobotlar, ekspert xulosalari, baholovchi tashkilotlar va baholovchilarni tanlash bo‘yicha elektron tenderlarni o‘tkazish mexanizmi haqidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi. Resurs baholash masalalariga taalluqli barcha dolzarb, ishonchli va doimiy yangilanadigan axborotni e'lon qilib, uning barcha manfaatdor shaxslar uchun ochiq-oshkora bo‘lishini ta'minlaydi.
 
Bunda baholovchilarni sertifikatsiyadan o‘tkazish, ularga toifalar berish, sud organlari so‘rovlari bo‘yicha bahsli vaziyatlarda baholash bo‘yicha materiallarni ko‘rib chiqish, baholash faoliyati sohasidagi NHH, shu jumladan milliy baholash standartlarini ishlab chiqish davlat zimmasida qoladi.
 
«Baholash faoliyatini tartibga solish» bobida Vazirlar Mahkamasi, vakolatli organ, shuningdek u tashkil etadigan komissiyalarning vakolatlari alohida sanab o‘tilgan. Bunda vakolatli davlat organi tomonidan akkreditatsiya qilingan jamoat tashkilotlarining vakillari komissiyalar ishiga jalb qilinishi kerakligi belgilangan. 
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 

Top