15:58 / 10.08.2020
7195

Bekobod tumanida narxlarni oshirib yuborgan taksichilarning mashinalari jarima maydonchasiga qo‘yildi

Zafar shaharchasidan yo‘nalishlarga qatnayotgan 15ta avtomobil haydovchilari o‘zboshimchalik bilan narx belgilaganliklari uchun ularning avtomashinalari jarima maydonchasiga qo‘yildi. 

Foto: RIA Novosti / Natalya Seliverstova

Toshkent viloyati hokimligiga murojaat yo‘llangan. Unda Bekobod tumani Zafar shaharchasidan Bekobod shahrigacha hamda ushbu shaharchadan Dalvarzin bo‘limigacha bo‘lgan masofada harakatlanayotgan yo‘nalishsiz taksi egalari karantin davrida narxlarni birmuncha oshirib yuborganligi xabar qilingan edi.

Toshkent viloyati Transport boshqarmasi xabariga ko‘ra, ushbu masalani hal etish uchun viloyat Transport boshqarmasi inspektorlari tomonidan qayd etilgan hududda ikki kun davomida reyd tadbirlari tashkil etildi. Natijada bir qator qonun buzilish holatlari aniqlandi.

Xususan, Zafar shaharchasi hududidan yo‘nalishlarga qatnayotgan 4 ta “Neksiya”, 4 ta “Matiz”, 4 ta “Spark” hamda 3 ta “Damas” rusumli avtomobil haydovchilari o‘zboshimchalik bilan sun'iy ravishda narx belgilaganliklari uchun ularning avtomashinalari jarima maydonchasiga qo‘yildi. Shuningdek, Dalvarzin bo‘limiga qatnovchi 5 ta “Damas” rusumli avtomobil harakatiga ham chek qo‘yildi.

“Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, o‘tkazilayotgan reydlar davomida taksi haydovchilariga pandemiya davrida aholining noroziligiga sabab bo‘layotgan holatlarga chek qo‘yish, vaziyatni to‘g‘ri tahlil qilib ish yuritish masalalarida boshqarma xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari olib borilyapti”, - deyiladi ma'lumotda

Top