11:31 / 10.08.2020
59881
Belarusda saylov namoyishlarga ulandi. So‘nggi ma'lumotlar

9 avgust kuni Minsk va Belarusning boshqa yirik shaharlarida prezidentlik saylovida ovoz berish yakunlanib, saylov uchastkalari yopilgach minglab kishilar ishtirokida norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Ular saylovning dastlabki rasmiy natijalaridan norozilik bildirishdi, unga ko‘ra mamlakatning amaldagi rahbari Aleksandr Lukashenko 80 foiz ovoz olgani ma'lum qilingandi. OMON namoyishchilarni shovqinli granatalar, vodomyotlar va rezina o‘qlar bilan tarqatishga kirishdi.

Yakshanba kuni Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi, bu saylov kutilganidek mamlakatni 26 yil davomida boshqarib kelayotgan Lukashenkodan norozilarning namoyishlariga ulanib ketdi.

Lukashenkoning asosiy raqibi kutilganidek Svetlana Tixanovskaya - saylov kampaniyasi davrida hibsga olingan bloger va tadbirkor Sergey Tixanovskiyning rafiqasi bo‘ldi.

Saylovning dastlabki natijalari
Saylovda davomat 84,05 foizni tashkil etdi - bu yuqori bo‘lsada, rekord emas, 2015 yilgi saylovlarda saylovchilarning 87,22 foizi saylov uchastkalariga borgandi.

Rasmiy ekzit-polga ko‘ra (mamlakatda bunday so‘rovlarni o‘tkazadigan mustaqil tashkilotlar yo‘q) amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko 79,7 foiz ovoz, uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya esa 6,8 foiz ovoz olgani ma'lum qilindi. 

Belarus MSK beshta viloyatdagi kasalxonalarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida Lukashenko 82 foiz ovoz olgani, armiyada unga 93,7 foiz saylovchi ovoz berganini ma'lum qildi. Tixanovskaya esa 4 foizdan ko‘p ovoz ololmagani aytildi.

Muxolifatchilar ovozlarni hisoblash uchun muqobil sifatida tashkil etgan «Golos» platformasida esa foydalanuvchilarning 80 foizidan ortig‘i Tixanovskaya uchun ovoz bergani ma'lum bo‘ldi.

Bu vaqtda «Radio Svoboda» xorijiy mamlakatlardagi natijalar aksincha ekani haqida xabar tarqatdi. Unga ko‘ra, xorijda tashkil etilgan saylov uchastkalaridagi ekzit-pol Lukashenko 6,25 foizdan sal ko‘proq, Tixanovskaya esa 79,69 foiz ovozni qo‘lga kiritganini ko‘rsatgan. Saylovchilarning deyarli 11 foizi aynan kimga ovoz berganini ma'lum qilishdan bosh tortgan, 1,96 foiz saylovchi esa barchaga qarshi ovoz berganini ta'kidlagan. 0,5 foiz ovoz qolgan nomzodlar o‘rtasida taqsimlangan. Ushbu loyihada mamlakatdagi 6,8 million saylovchidan 1,1 million kishi ishtirok etgan.

Internetda saylov natijalari haqida ma'lumotlar ham tarqalmoqda. Xususan, Mogilyov viloyati Frunze tumanida joylashgan 70-saylov uchastkasidagi natijalar ko‘rsatilgan hujjatning surati tarqaldi. Suratda ushbu uchastkada Lukashenko 255ta ovoz olgani, Svetlana Tixanovskayaga esa 1989 kishi ovoz bergani ko‘ringan.

Polshadagi elchixonada esa byulletenlarning 100 foizi hisoblab chiqilgani va Svetlana Tixanovskaya yaqqol ustunlikka erishgani xabar qilindi.

Saylov kuni
Saylov uchastkalari 9 avgust kuni soat 08:00da Belarus hududida va xorijdagi elchixonalarda ochildi. Ko‘plab saylov uchastkalarida uzun navbatlar yuzaga keldi - London va Moskvadagi elchixonalarda saylov uchastkalari yopilishi arafasida ham minglab odamlar hali ovoz berishga ulgurishmagandi. Bunday holatlar respublika hududida ham kuzatildi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Ovoz berishga ulgurmaganlar kechqurungi soat 8dan keyin ham ovoz berishga ruxsat berilishini talab qilishdi.

MSK rahbari uzun navbatlarni muxolifatchilar ataylab uyushtirganini aytib, saylov uchastkalari ishlash muddati uzaytirilmasligini aytdi. Ammo ko‘plab uchastkalarda soat 8dan keyin ham ovoz berish davom etdi.

Aleksandr Lukashenko jismoniy tarbiya universitetida tashkil etilgan uchastkada ovoz berdi va jurnalistlar qarshisida chiqish qilib, Svetlana Tixanovskayani hamda mustaqil nashrlarni tanqid qildi.

«Men bu odamni asosiy raqib deb hisoblamayman, uni siz asosiy raqibga aylantirdingiz. U qayerga tushib qolganini va nima qilayotganini tushunmayapti ham», degan u va Tixanovskayaning saylov dasturini tanqid qilgan.

Tixanovskaya Minsk sharqidagi maktablardan birida ovoz berdi. Bu yerda uni yuzlab saylovchilar olqishlashdi.

Bu vaqtda Minsk markazi harbiylar va harbiy texnikalar bilan o‘rab olina boshlangandi - shahar amalda to‘liq yopilgan, unga kirish va chiqishni harbiylar nazorat qilayotgandi.

Shuningdek, internet ishlashida muammolar kuzatila boshladi.

Ovoz berish jarayoni vaqtidayoq o‘nlab kishilar qo‘lga olindi, asosan jurnalistlar va kuzatuvchilar olib ketildi. Xususan, Minsk markazida noma'lum shaxslar «Dojd» telekanali xodimlarini qo‘lga olishdi. Kun oxiriga borib bu jurnalistlar qo‘yib yuborilgani va ular Smolenskka qaytayotgani ma'lum bo‘ldi. Rossiya TIV ularning qo‘lga olinishini akkreditatsiyasi bo‘lmagani bilan izohladi.

Tixanovskaya o‘z tarafdorlarini g‘olib deb atadi

Saylov uchastkalari yopilgach Svetlana Tixanovskaya matbuot anjumani o‘tkazdi. Matbuot anjumanida kamida 10ta saylov uchastkasida Tixanovskaya Lukashenkodan 2-3 barobar ko‘p ovoz yiqqani ma'lum bo‘lgani haqida ma'lum qilindi.

«Men bunga ishongandim. Butun saylov kampaniyasi Belarus xalqining ulkan qo‘llab-quvvatlovini namoyon etdi. Juda ko‘plab odamlar namoyishlarga chiqdi, bunaqasi bizning Belarusda hech qachon bo‘lgan emas. Kuzatuvchilar soni aql bovar qilmas darajada ko‘p edi, hammasi ham o‘xshamadi, lekin biz qo‘limizdan kelgancha harakat qildik. Halol hisob-kitob qilgan saylov komissiyalariga ham alohida minnatdorchilik bildirishni istardim, bu ham bir jasorat. Odamlarimiz uyg‘ondi. Ular siyosiy hayotda faol ishtirok eta boshlaganidan juda xursandman.

Odamlar va nihoyat o‘z qo‘rquvlarini yengib o‘ta olishdi. Hali yana ko‘pchilik shunday qilishi kerak. Hammaga — shtablarga, ko‘ngillilarga, yonimizda bo‘lgan hammaga tashakkur! Menimcha, biz g‘olib chiqdik, chunki biz o‘z qo‘rquvimiz ustidan g‘alaba qozondik, siyosatga aralashmasligimizni yenga oldik, loqaydlik va befarqligimizni mag‘lub etdik. Bu boshqa har qanday g‘alabadan ko‘ra muhimroq g‘alabalardir», dedi Tixanovskaya.

U bu vaqtda o‘z tarafdorlari bilan birga ko‘chaga chiqa olmasligini izohladi: «Afsuski chiqa olmayman, siz mamlakatimizdagi haqiqiy vaziyatni bilasiz. Meni ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda ayblamasliklari uchun chiqa olmayman. Shuning uchun shtabda qolaman, shtab butun tun davomida ishlaydi».

Namoyishlar va to‘qnashuvlar
Saylov uchastkalari yopilishi bilan Minsk va mamlakatning boshqa shaharlarida ko‘chalar namoyishchilar bilan to‘la boshladi. Ular dastlabki rasmiy natijalardan rozi bo‘lishmagandi va hukumatning harakatlariga qarshi chiqishdi. Lukashenko saylov kuni tongidayoq noqonuniy aksiyalar qattiqqo‘llik bilan bostirilishi haqida ogohlantirgandi.

Shunday ham bo‘ldi: Minskdagi namoyishlarni tinchitish uchun juda katta guruhdagi harbiylar, militsiya va hatto armiyaning maxsus bo‘linmalari jalb qilindi. Tez orada Belarus poytaxtining barcha nuqtalarida militsiya va harbiylar namoyishchilarni tarqatish uchun kuch ishlata boshladi - vodomyotlar, shovqinli granatalar, rezina o‘qlar va boshqa vositalar qo‘llandi.

Vasiliy Fedosenko / Reuters / Scanpix / LETA

Voqea joylaridan olingan kadrlarda ko‘rish mumkinki, ko‘plab namoyishchilar jarohat olgan: namoyishchilardan birini avtozak bosib ketgan, boshqasining oyog‘iga o‘q kirib qolgan, yana birining oyoq barmoqlari granata tufayli uzilib ketgan.

Tatyana Zenkovich / EPA / Scanpix / LETA

Eng jiddiy to‘qnashuvlar Masherova prospektida va «Minsk - qahramon shahar» yodgorligi atrofida, shuningdek, eski shahar hududida va Mustaqillik prospektida bo‘lib o‘tgan. 

Belarus Ichki ishlar vazirligi avvaliga bu xabarlarni rad etgandi. Ammo keyinchalik bu ma'lumot tasdiqlandi: «Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maxsus vositalardan foydalanishga majbur bo‘lishdi. Maxsus texnika (ya'ni suv purkovchi) va shovqinli granatalardan foylanildi», deb Belarus IIV rasmiy vakili Olga Chemodanovaning so‘zlarini keltirmoqda TASS.

Tatyana Zenkovich / EPA / Scanpix / LETA

Kobrin shahrida ham namoyishlar bo‘lib o‘tdi. U yerda ham namoyishlarni tinchitish uchun OMONchilar jalb qilingandi. Odamlarning tinimsiz hayqiriqlaridan so‘ng OMONchilar qalqonlarini tushirishdi va bunga javoban namoyishchilar ularni quchoqlashdi. Odamlar «Militsiya xalq bilan», «Ket» deb hayqirishgan.

To‘qnashuvlarda jarohatlanganlar haqida rasmiy ma'lumotlar hozircha yo‘q, ammo to‘qnashuvlar boshlangach Minsk markazida shifoxonalarga qatnagan o‘nlab tez yordam mashinalari haqiqiy ko‘lamni aks ettiradi. Minskdagi markaziy kasalxonaga qo‘shimcha travmatolog va anesteziologlardan iborat brigada jalb qilingan.

Vasiliy Fedosenko / Reuters / Scanpix / LETA

Namoyishlar vaqtida Minsk markazida mobil internet umuman ishlamay qolgan, mamlakatdagi yirik nashrlar va davlat tashkilotlari saytlariga kirib bo‘lmagan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar faoliyatida uzilishlar kuzatilgan.

OMON jangchilari va ichki ishlar organlari xodimlari namoyishchilarni Minsk markazidan surib chiqargach, ularni yakka holda qo‘lga olish ishlari boshlanib ketdi. Xabarlarga ko‘ra, namoyishchilarga aloqasi bo‘lmagan, shunchaki ko‘chaga chiqib turgan kishilar ham olib ketilgan.

To‘qnashuvlar bir necha soat davom etgan va tungi soat 2 atrofida Minsk ko‘chalari bo‘shab qolgan. IIV vaziyat nazoratga olinganini ma'lum qilgan, ijtimoiy tarmoqlarda maxsus texnikalar shahar markazini tark etayotgani ko‘rsatilgan videolar tarqalgan.

Boshqa shaharlardagi namoyishchilar ham uylariga tarqalgan, lekin ular ertaga qaytishlarini aytishgan.

Aleksandr Lukashenko bu orada matbuotda ko‘rinish bermadi va holat bo‘yicha munosabat bildirmadi.

Namoyishlar militsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketgan vaqtda Svetlana Tixanovskaya kuch ishlatar tizim vakillariga murojaat qildi.

«Men militsiya va harbiylarga ular ham xalqning bir qismi ekanini eslatmoqchiman. O‘z saylovchilarimdan ham so‘rayman: provokatsiyaga yo‘l qo‘ymang, sizga zo‘ravonlik qilinishiga sabab qoldirmang. Belarus ertaga boshqacha davlat bo‘lib uyg‘onadi, ertaga yaxshi yangiliklar bo‘ladi. Iltimos zo‘ravonlikni bas qilinglar. Ofitserlar, bilaman, bu qo‘lingizdan keladi», deydi u Tut.by sayti orqali murojaatida.

Namoyishlar oqibatlari
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, namoyishlarda kamida 140 kishi qo‘lga olingan. Huquq faollari qo‘lga olinganlar soni ko‘proqligini aytishmoqda.

Tatyana Zenkovich / EPA / Scanpix / LETA

Belarus Tergov qo‘mitasi mamlakatda bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklardan keyin jinoiy ish ochilgani haqida ma'lum qilgan. 

RIA Novostining xabar qilishicha, ommaviy tartibsizliklar va militsiyaga zo‘ravonlik moddalari bo‘yicha ish ochilgan. Belarus Jinoiy kodeksi bunday jinoyat uchun 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni, ommaviy tartibsizliklar tashkilotchiligi uchun esa 15 yilgacha qamoq jazosini ko‘zda tutadi.

Qayd etilishicha, Belarusdagi namoyishlar vaqtida o‘nlab militsionerlar ham jarohat olgan.

«Vesna-96» huquq himoyachilari tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, avtozak ostida qolgan namoyishchilardan biri vafot etgan. 

Tatyana Zenkovich / EPA / Scanpix / LETA

«Bir kishi halok bo‘ldi, avtozak odamlar ustiga yurgan vaqtda u mashina ostida qolib ketgan. U o‘likxonaga olib borilgan. O‘nlab kishilar jarohatlangan», degan tashkilot vakili Valentin Stefanovich.

Dushanba tongida Belarus MSK rasmiy natijalarni e'lon qildi. Unga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko 80,23 foiz ovoz olgani, Svetlana Tixanovskayani 9,90 foiz saylovchi qo‘llab-quvvatlangani ma'lum qilingan. Saylovda davomat 84,23 foizni tashkil etgan. «Barcha nomzodlarga qarshilar» 6,02 foiz ovoz to‘plagan.

Yakuniy natijalar 14 avgust kuni e'lon qilinadi.

«Dastlabki natijalar deyarli o‘zgarmaydi», degan Belarus MSK raisi Lidiya Yermoshina.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top