11:51 / 10.08.2020
2678
Davlat budjeti xarajatlari 64,8 trln so‘mni tashkil etdi, budjet defitsiti 6,7 trln so‘mga teng bo‘ldi

Davlat budjetining 2020 yil 6 oylik daromadlari 58,1 trln so‘mga yoki tasdiqlangan yillik parametrga nisbatan 45,3 foizga ijro etildi. Hisobot davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga ko‘p mablag‘ tushirilishiga erishildi.

Foto: Shutterstock

Moliya vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, daromadlarning 19,7 trln so‘mi (jami daromadlarning 33,9 foizi) bevosita soliqlar, 21,5 trln so‘mi (37,0 foiz) bilvosita soliqlar, 9,6 trln so‘mi (16,7 foiz) resurs to‘lovlari va mulk solig‘i va 7,2 trln so‘mi (12,4 foiz) boshqa daromadlar hisobidan shakllantirildi.

Davlat budjetining 1-yarim yillik xarajatlari esa 64,8 trln so‘mni yoki YaIMga nisbatan 25,4 foizni tashkil etdi.

Jami xarajatlar tarkibida ijtimoiy soha xarajatlari eng ko‘p ulushga (53,4 foiz) ega bo‘lib, ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tashkilot va muassasalarni saqlash hamda sohaga taalluqli tadbirlarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 34,6 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

2020 yil 1-yarim yillik Davlat budjeti defitsiti 6,7 trln so‘mni tashkil etdi. 

Hisobot davrida mahalliy budjetlarning daromadlar qismi 12,8 trln so‘mni, xarajatlar qismi esa 20,2 trln so‘mni tashkil etdi.

Top