16:18 / 10.08.2020
5036
«Galaktikos emas, Mostoleslik». Ikersiz qolayotgan futbol

Iker Kasilyas futbolchilik faoliyatini tugatganini ma'lum qildi.

Foto: Getty Images

Ijtimoiy tarmoq orqali buni bildirar ekan, darvozabon juda ta'sirli maktubni ham ilova qildi:

«Muhimi – sen yurayotgan yo‘l, atrofingda seni o‘rab turgan insonlardir, yakuniy natija emas. Aminmanki, bu ajoyib tarzda yakuniga yetgan ajoyib safar bo‘ldi».

O‘zining tahsinga loyiq faoliyati davomida 39 yoshli Kasilyas yigirmadan ortiq sovringa ega bo‘ldi, ular orasida Jahon kubogi, ikkita Yevropa chempionligi, uchta Chempionlar ligasi kubogi va beshta Ispaniya chempionligi bor. U «Real»da o‘tkazgan o‘yinlar soni bo‘yicha (725) Rauldan keyingi o‘rinni, milliy jamoada esa (167) Serxio Ramosdan keyingi o‘rinni egallab turibdi. Afsona.

Quyida Iker Kasilyas bilan bog‘liq bir qator xodisalar eslangan. Ularning har biri darvozabonning ham insoniy fazilatlarini namoyon qiladi.

Bilbao yo‘lidagi bashorat

Shunday afsonalar yuradiki, Ikerning bunday muvaffaqiyatlariga Bilbaodan Madridga uning onasi bilan birga uchgan bir folbin sabab bo‘lganmish... Homiladorlikning so‘nggi oylarida bo‘lgan onaga u ayol: «O‘g‘ling juda mashhur futbolchi bo‘lib yetishadi, faqat buning uchun unga baskcha ism qo‘yishing kerak», deydi. Shunday qilib, tug‘ilgan bolaga Baskoniyadagi eng mashhur ism – Iker ismi qo‘yiladi.

Tabiiyki, bunday afsonalar mashhur insonlar haqida ko‘p yuradi, ularga ishonish shart emas, ammo qizig‘i, Iker Kasilyas «Real» tarkibidagi debyut uchrashuvini aynan Bilbaoda, «Atletik»ka qarshi o‘tkazgandi.

JAR maydonlaridagi qahramonlik

JARda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Ispaniya milliy jamoasini asosan kataloniyaliklar chempion qilgan, degan fikrlar ko‘p aytiladi. Qaysidir ma'noda bu to‘g‘ri ham: Andres Inesta, Xavi va Busketslarning o‘sha g‘alabada xissalari juda katta edi.

Shu bilan birga, boshqa futbolchilarning ham xizmatlari pastga urilmasligi kerak, masalan Iker Kasilyasning Paragvay milliy jamoasiga qarshi o‘yinda penaltin qaytarishi chempionlikka sabablardan biri edi.

Yoki uning final o‘yinidagi qahramonliklarini eslash mumkin. Aren Robbenning yakkama-yakka chiqib, vaziyatdan foydalana olmay, boshini ushlab qolgan holati haligacha futbol muxlislarining ko‘z o‘ngida. Ha, Inesta hal qiluvchi golni urgan bo‘lishi mumkin, ammo o‘sha golgacha «tirik» yetib borishda darvozabonning xizmatlari katta bo‘lgandi.

Malagadagi kamsitish

Joze Mourino – Ikerning Madridni tark etishi jarayonini boshlab bergan murabbiy. Portugaliyalik mutaxassisdan so‘ng, Iker o‘zining yuqori darajasiga qayta olmadi.

Ikerdagi pasayish «Valensiya»ga qarshi kubok o‘yinidagi jarohati bilan bog‘lansa-da, aslida murabbiy va darvozabon o‘rtasidagi ziddiyat oldinroq boshlangandi. Balki Iker u qadar qurg‘ondek bo‘lmagandir so‘nggi paytlarda, ammo o‘z darvozabonini quvvatlash o‘rniga Mourino Malagadagi matbuot anjumanida: «Antonio Adan Kasilyasdan yaxshiroq» deb yuborgandi.

Lekin Iker murabbiy bilan janjallashib, ishni davom ettirishni Madrid afsonasi sifatida o‘ziga ep ko‘rmadi. Aslida bu ziddiyatda so‘nggi yilini o‘tkazayotgan murabbiy yutadimi yoki ko‘p yillik yoqimtoy Ikermi, noma'lum edi, ammo u vaqtinchalik zaxira darvozabon bo‘lishga ham indamay rozi bo‘ldi.

O‘zgalarni tan olish

Jozedan keyin Madridga Karlo Anchelotti keldi va darvozabonlar o‘rtasida ishni taqsimladi – Diyego Lopes Primerada o‘ynaydi, Iker Kasilyas esa Chempionlar ligasida. Final o‘yinida ham tabiiyki, Iker asosiy tarkibda tushdi, ammo birinchi taymda uning xatosi «Atletiko»ning hisobni ochishiga olib keldi.

Va o‘yin tugashiga soniyalar qolganda Serxio Ramos hisobni tenglashtirib, hammani qutqarib qolgach, Iker uning oldiga yugurib bordi – «Haqiqiy boss sensan. Desima – bu sening g‘alabang».

Faqat o‘z yutuqlariga egalik qilish

«Portu» so‘nggi chempionligini nishonlayotgan paytda futbolchilar va shtab orasida Kasilyasni topish qiyin edi. U bir chetda turar va shunchaki, jamoadoshlarining quvonchlarini tomosha qilardi.

Klub telekanali jurnalisti uning yoniga kelib, nega boshqalar bilan birga emasligini so‘raganda, Iker javob berdi:

«Men bu mavsumda o‘ynay olmadim. G‘alabani haqiqiy qahramonlar nishonlashsa, chiroyliroq».

Biroz o‘tib futbolchilar Kasilyasni o‘z oldilariga chorladilar, lekin darvozabon Portugaliya chempionati qoidalari ko‘ra, medal ololmasdi, u mavsum davomida maydonga tushmagandi.

Galaktikos emas, Mostoleslik

U haqidagi barcha hikoyalarda bir umumiylik bor – Ikerning kamtarligi. Shu qadar buyuk futbolchi bo‘laturib, mana shunday bo‘lib qolgani uni shaxsiyat sifatida ham buyuklashtiradi.

Florentino Peresning ilk yillarida, «Real» galaktikosga aylantirilib, Ronaldodan tortib, Figu, Zidan, Bekhemlar sotib olinganda ham Iker o‘zini noqulay his qilardi. Undan ko‘pincha afsonalar bilan birga o‘ynash, galaktikosning bir parchasi bo‘lish qanday ekanini so‘rashganda, kamtarlik bilan javob berardi: «Men Galaktikos emasman, men Mostolesdanman».

Mostoles – Ikerning tug‘ilgan yurti, Madrid yaqinidagi shaharcha. 2012 yilda Mostoles meri Sport ko‘chasini Kasilyas nomi bilan atash taklifi bilan chiqdi va hukumat bu qarorni quvvatladi.

Millionlar qo‘riqchisi

Kasilyasning ta'sirli maktubi Marca jurnalistlaridan birining e'tiboridan chetda qolmadi va darvozabon haqida o‘z hissiyotlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Iker Kasilyas!

O‘ng butsasidan chiqib turgan paypog‘i bilan butun Ispaniyaning nafasini to‘xtatib qo‘ygandi.

Esimizda...

Robben o‘zining mashhur vahshiyona tezligi bilan darvozabon qarshisiga kelayotgandi. An'analar yurti bo‘lgan Ispaniya o‘zi bilgan barcha «xudolar»ga iltijo qilishni boshladi. Balki Aren ham shunday qilgandir.

Bir payt qayerdandir farishta paydo bo‘ldi.

Ba'zida shunday bo‘lib turadi.

Iker Kasilyas.

Eslaymiz...

Sharhlovchi duduqlanib qoldi: «Bunga ishonish qiyin...» Ammo bu chin edi. Biz ham hayrat, ham qo‘rquv bilan kuzatar, chunki Ispaniya bunday o‘yinlarda yutqazishiga o‘rganib qolgandik. Robben hal qiluvchi zarbaga tayyorlanar, bu ish niderlandiyalik uchun oddiy yumush edi.

Robbenda variantlar ham ko‘p edi. Ammo Iker imkon qadar ko‘proq zonani yopishga urindi va o‘zini chap tomonga tashladi. O‘ng oyog‘ini esa, to‘pning yo‘liga to‘g‘anoq qilishni unutmadi, aynan o‘sha tarafga zarba berilgandi. To‘p darvozaga yetib bormadi.

Ikki soniyada Ispaniyada yangi «avliyo» paydo bo‘ldi.

Jahon kubogi Inestaning goli va Ikerning xaloskorligidan iborat. Balki biz o‘sha soniyalarni ko‘p tahlil qilmagandirmiz, unutib yuborgandirmiz, chunki ko‘chada futbol o‘ynayotib, aksariyatimiz zarba berishga urinamiz, uni qaytarishga emas.

Lekin kechagi kuni buni eslash uchun ayni muddao edi. Kecha Iker futboldan ketayotganini e'lon qildi. Yana shunchaki eslash kerakki, qachonlardir, 9 yoshida «Real» akademiyasiga kelgan bolakay Ispaniyaning ramziga aylandi... U futboldan afsona va imkonsiz vaziyatlarda qutqaruvchi bo‘lgan darvozabon sifatida ketmoqda. Nihoyat u bizga mu'jizalarga ishonishni o‘rgatgandi.

Ikerni doim va hamma yaxshi ko‘rgan. Butun faoliyatini Madridda o‘tkazgan bo‘lsa-da... Bu qiziq. Ammo u shunaqa.

«Men Galaktiko emasman». Men Mostoleslikman».

Top