08:11 / 10.08.2020
22514
Navoiyda tarkibida oltin zarralari bo‘lgan toshlarni qazib olgan shaxslar ushlandi

Holat yuzasidan Navoiy viloyati Uchquduq tumani IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Foto: Milliy gvardiya

Navoiy viloyatida Milliy gvardiya va IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda Milliy gvardiya axborot xizmati xabar berdi.

Natijada, Uchquduq tumani Altintou mahallasida joylashgan “Aygul-partiya” deb nomlangan eski oltin konidan tarkibida oltin zarralari bo‘lgan toshlarni noqonuniy yo‘l bilan qazib olayotgan Xatirchi tumanida yashovchi fuqarolar T.J. va Sh.M. qo‘lga olingan.
 
Fuqaro T.J. o‘z boshqaruvidagi “Ford” rusumli avtomashinasida 17 ta qopga joylangan 1264 kg og‘irlikdagi tarkibida oltin zarralari bo‘lgan mayda toshlarni, fuqaro Sh.M. esa o‘zining boshqaruvidagi “Ford” rusumli avtomashinasida 33 ta qopga joylangan 1654 kg og‘irlikdagi toshlarni olib chiqib ketayotganida to‘xtatib qolinib, xolislar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Tarkibida oltin zarralari bo‘lgan ushbu toshlar mutaxassislar tomonidan (1 gr 604 863,5 so‘m belgilangan narxda) tekshirib ko‘rilganda, fuqaro T.J.tomonidan o‘zlashtirilgan 1264 kg og‘irlikdagi toshlardan 148 gr (89 000 000 so‘m) miqdordagi oltin moddasi borligi, fuqaro Sh.M. dan olingan 1654 kg og‘irlikdagi toshlardan esa 234 gr (141 000 000) miqdordagi oltin moddasi borligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan hozirgi kunda Navoiy viloyati Uchquduq tumani IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top