10:45 / 10.08.2020
21138

Putin yuqori martabali harbiylar qorako‘l mo‘ynasidan tikilgan bosh kiyim kiyishini bekor qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy xarajatlarni kamaytirish maqsadida mamlakat Qurolli kuchlari tarkibidagi yuqori martabali zobitlarning qorako‘l mo‘ynasidan tikilgan bosh kiyim kiyishini bekor qiladigan farmonni imzoladi. Farmon normativ-huquqiy hujjatlar bazasida e'lon qilingan.

ALEXEI PANOV/TASS

Farmonga ko‘ra, endi yuqori martabali harbiy zobitlar uchun qorako‘l mo‘ynasidan tikilgan bosh kiyimlar o‘rnini sun'iy mo‘ynali bosh kiyimlar egallaydi. Eng yuqori martabali zobitlar uchun esa besh foizi tilla suvi yugurtirilgan iplar bilan tikilgan sun'iy mo‘ynali bosh kiyimlar joriy qilinadi.

Shu bilan birga generallar va admirallar kiyadigan qorako‘l mo‘ynasi bilan bezatilgan silindrsimon, teri qoplamali bosh kiyimlari ham bekor qilingan. Ulardan endi faqat federal qorovul xizmati va Rosgvardiyaning yuqori martabali zobitlari foydalanishi mumkin. Shuni ta'kidlash kerakki, sun'iy mo‘ynali bosh kiyimlar qorako‘l mo‘ynasidan tikilgan bosh kiyimlarga qaraganda ancha arzon turadi.

Shuningdek, farmonga ko‘ra Rossiyaning marshallari avval foydalanilgan va hozir e'tibordan chetda qolgan mo‘ynali bosh kiyimdan foydalanishadi. Unday bosh kiyimni so‘nggi marta Rossiyaning sobiq Mudofaa vaziri marhum Igor Sergeyev kiygan edi.

Qorako‘l mo‘ynalari juda qimmatbaho hisoblanadi va Rossiya harbiy sanoatiga ular Markaziy Osiyo respublikalaridan yetkazib berilgan. Rossiya harbiylarining qorko‘l mo‘ynasidan tikilgan bosh kiyimlardan foydalanishi SSSR davridan qolib kelayotgan an'ana hisoblanadi.

Top