09:01 / 10.08.2020
28373
Toshkent viloyati SSB boshlig‘i: Chirchiqdagi shifoxona COVID-19'ni davolashga ixtisoslashmagan

Kun.uz saytida «Bizga uskunalar ajratishmayapti, va'da qilingan mukofot pullaridan darak yo‘q» — Toshkent viloyatining bosh infeksionisti murojaati» sarlavhali maqola e'lon qilindi. Unda Chirchiq shahrida joylashgan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi rahbari Guljahon Yuldasheva ta'minot, sharoit va to‘lovlar bo‘yicha o‘z noroziligini bildirgan.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, tibbiyot fanlari doktori To‘raqul Arziqulov bilan suhbatlashdik.

– To‘raqul Sodiqovich, e'lon qilingan maqolada Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi rahbari o‘z xodimlari nomidan qator e'tirozlar bildirgan. Bu haqda nima deya olasiz?

 – Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi Sog‘liqni saqlash vazirligi reyestriga asosan karantin obekti, ya'ni koronavirus tasdiqlangan bemorlar uchun emas, birlamchi ular bilan muloqotda bo‘lgan gumondor fuqarolarni saqlab turish obekti etib belgilangan. Agar bu yerda biror fuqaroda COVID-19 aniqlansa, bemor zudlik bilan COVID-19'ga chalingan bemorlar davolanuvchi maxsus shifoxonasiga yetkaziladi. Bu maskan mutlaqo koronavirusni davolash uchun mo‘ljallangan shifoxona emas.

To‘g‘ri, pandemiya pik davriga chiqqanda juda ko‘p shifoxonalarga koronavirusga shubha qilingan, ammo kasallik rasman tasdiqlanmagan bemorlar yotqizildi. Hatto o‘sha shifoxonalarda kasallik tasdiqlangan bemorlar ham ma'lum muddat qolib ketishdi. Ammo qisqa muddatda bu muammolar bartaraf qilindi, gumondagilar alohida, kasallik tasdiqlanganlar alohida qilib ajratib olindi.

– Shifoxona rahbari murojaatida mukofot pullari (shifokorlarga 25 mln, hamshiralarga 15 mln so‘mlik va h.k) rag‘batlantirish mablag‘lari to‘lab berilmayotgani haqida ham aytib o‘tgan. Bunga qanday izoh berasiz.

– Bu shifoxona xodimlarining prezident qarori bilan belgilangan koronavirusga qarshi kurashda faol qatnashayotgan shifokorlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish mablag‘lari to‘lanmayotgani haqidagi noroziligi asossiz. Chunki bunday to‘lovlar bilan COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolaydigan, SSVning koronavirusni davolashga mo‘ljallangan shifoxonalar ro‘yxatida bo‘lgan shifoxonalar xodimlari rag‘batlantiriladi. Yuqorida aytganimdek, Chirchiqdagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi birlamchi muloqotda bo‘lgan fuqarolar uchun hozirlangan karantin obekti hisoblanadi.

Barchaga ma'lumki, shifokorlar uchun 25 mln so‘mlik to‘lovlar aynan shu kasallik tasdiqlangan bemorlar yig‘ilgan maxsus shifoxonalarda ishlaganlarga beriladi.

Bunday shifokorlar ro‘yxati har bir hududda shakllantirilgan, ular 14 kun davomida uzluksiz ishlaydilar va faqat aynan COVID-19 kasalligiga qarshi kurashadilar.

Bu shifoxonada COVID-19 bilan kasallangan bemorlar bo‘lsa, ular zudlik bilan mazkur kasallik bilan shug‘ullanadigan kasalxonaga o‘kazilishi zarur. Vazirlik buyrug‘ida bu aniq ko‘rsatilgan.

Chirchiq shahrida koronavirus bilan kasallangan bemorlarni tashish uchun mo‘ljallangan 2ta maxsus mashinamiz bor. COVID-19 tasdiqlangani haqidagi hujjati taqdim etilganda bemorni shu zahoti boshqarmaga yoki tegishli bo‘limlarga xabar qilgan holda bu bemorlar zudlik bilan kasalxonaga o‘tkazilishi kerak. Aytishim kerakki, maxsus shifoxonalarimizda barcha shart-sharoitlar muhayyo. Karantin obekti bo‘lgani uchun Chirchiqdagi shifoxonada bu narsa ko‘zda tutilmagan.

[Savol Toshkent viloyati Moliya boshqarmasi rahbari Zohidxo‘ja Tursunovga]: – Zohidxo‘ja aka, to‘lovlar asosan sizlarga bog‘liq. Aynan mana shu klinika va tibbiyot xodimlari uchun to‘lovlar bo‘yicha umumiy holat bo‘yicha ma'lumot bersangiz.

– Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining rasmiy statusi haqida ko‘p marta ta'kidlab aytildi. Ya'ni biz xohlasak ham ular so‘rayotgan 25, 15 mln so‘mlik pullarni to‘lay olmaymiz. Bu to‘lovlar boshqa toifa shifokorlar uchun mo‘ljallangani rasman e'lon qilingan va bu shifoxona xodimlariga ham yozma ravishda bildirilgan.

Ammo norozilik bildirgan viloyat yuqumli shifoxonasi xodimlari belgilangan kunlik 6 foizli ustamalarni to‘liq olganlar. Bu borada birorta e'tiroz bo‘lishi mumkin emas.

Umuman, rag‘batlantiruvchi mablag‘larga kelsak, hozir bu jarayon shu darajada yo‘lga qo‘yildiki, 14 kunlik ishga kiruvchilarga biz oldindan 40 foizli avans to‘lab qo‘yyapmiz va muddati yakunlanishi bilan pullarini to‘liq olishadi.

– To‘raqul Sodiqovich, murojaatda shifoxonada reanimatsiya bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilib berilmagani ham tilga olingan. Tibbiyot boshqarmasiga qilingan murojaat ham javobsiz qolgani, shifoxona kerakli uskunalar bilan ta'minlanmagani aytiladi.

– Shu yilning mart-aprel oyilarida Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi sa'y-harakatlari bilan 9 o‘rinli reanimatsiya bo‘limi tashkil etildi. Tabiiyki, bo‘limni tashkillashtirish, kerakli me'yoriy hujjatlarni taqdim etish, qolaversa kadrlarni tayyorlash va ishga olish majburiyati bosh shifokorga yuklangan. Lekin afsus, pandemiya sharoitida bu vazifalarni boshqarmaning o‘zi bajardi. Malakali tibbiyot xodimlarini yig‘ib, o‘zimiz 9 o‘rinli reanimatsiya bo‘limi tashkillashtirib berdik. 2ta sun'iy nafas olish apparati, kardiogrof, 6ta kislorod balloni, 3 dona oksigenator berganmiz o‘sha paytda. Chunki ba'zi og‘ir ahvoldagi bemorlar kelishi mumkinligi hisobga olingan.

Albatta, reanimatsiya bo‘limi tashkil etilganidan keyin, narkotik va psixotrop dorilar ishlatiladi. Ming afsuski, Guljahon Toyirovna rahbarlik qilayotgan ushbu shifoxona haligacha litsenziya olmagan. Talab darajasidagi xonalar qilinmagan.

Biz bu masalada Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Garchi litsenziya bo‘lmasa-da, birlashma bemorlarning hayotini o‘ylab narkotik-psixotrop moddalarni berib turibdi. Vaholanki, yuqumli kasalliklar shifoxonasi yuridik jihatdan to‘laqonli muassasa hisoblanadi. Ular 3 yil avval bu narsani to‘liq shakllantirib, o‘zlari hujjatlarni taqdim qilishi zarur edi. Afsuski, bu ish hamon bajarilmagan.

Qizig‘i, aynan shu shifoxonaning qator xodimlari ta'minot bo‘yicha savollar tug‘ilaverganidan so‘ng jamoaviy tarzda alohida videomurojaat yo‘llashgan va hech qanday kamchilik yo‘qligini bildirishgan. Kelib chiqadiki, shifoxona xodimlari o‘rtasida ham guruhlarga bo‘linish yuzaga kelib qolgan.

– Umuman, shifoxonaning kelgusi taqdiri nima bo‘ladi? U yopilib ketishi bo‘yicha ham xabarlar chiqqan.

– 80 o‘rinli Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi joylashgan hududda viloyat hokimi tashabbusi bilan 320 o‘rinli COVID-19 bilan shug‘ullanadigan yangi shifoxona tashkil etildi. Bu yerda barcha kerakli shart-sharoitlar yaratilgan. Endi o‘ylab ko‘raylik, barcha qulayliklarga ega, narkotik-psixotrop preparatlar saqlanadigan reanimatsiya bo‘limiga ega, malakali shifokorlar xizmat qilayotgan shifoxona bo‘la turib, 80 o‘rinli joyni COVID-19 davolanuvchi shifoxona qilib bersak, bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi-ku.

Shuning uchun boshqarmamizning buyrug‘iga asosan, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi hozirgi bemorlarni to‘laqonli o‘sha yangi shifoxonaga o‘tkazish haqida ko‘rsatma berildi. Ming afsuski, Guljahon Yuldosheva bunga to‘sqinlik qilyapti. 10 kundan oshmasligi kerak bo‘lgan o‘rinlarda, bemorlarni 15 kungacha ushlab turgan holatlari kuzatilmoqda. Bu borada hatto alohida buyruq chiqarishga majbur bo‘ldik. Rahbariyatni buyrug‘ini bajarmaslik noto‘g‘ri, deb o‘ylayman.

Bu shifoxona COVID-19'dan boshqa yuqumli kasalliklar bo‘yicha o‘z faoliyatini davom ettiradi. Chunki bunday kasalliklarning turi ko‘p. Koronavirus pandemiyasi deb, u kasalliklar kutib turmaydi. Ayniqsa, hozirda mavsumiy yuqumli kasalliklar kirib kelyapti. Gepatit, gripp, diareya kabi kasalliklar doim bo‘lgan. Biz albatta, bu tibbiyot maskanini to‘lqonli dezinfeksiya qilib, ta'mirlash ishlarini olib boramiz. Hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. Uning faoliyati, barcha zarur bo‘lgan sharoitlar yaratib beriladi.

– Siz va Guljahon Yuldasheva o‘rtangizdagi birinchi holat emas bu. Umuman, o‘zingiz viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidagi muhitni qanday baholaysiz? Boshqa shifoxonalar bilan ham shu kabi ziddiyatlar bormi?

– Guljahon Toyirovna o‘sha intervyusida «Men prezident qaroriga ko‘ra bu yerga ishga kelganman» debdi. Aslida davlat rahbarining bunday qarori yo‘q, u ham, men ham rahbar kadrlarni shakllantirish bo‘yicha 2017 yil 8 avgustdagi Vazirlar Mahkamasi yig‘ilish bayonnomasiga ko‘ra hududlarga jo‘natilganmiz.

Hozir viloyatda 28ta davolash-profilaktika muassasalari bo‘lsa, shu paytga qadar birortasida bu kabi tushunmovchilik bo‘lmagan. Faqatgina shu yuqumli kasalliklar shifoxonasida kelishmovchilik kelib chiqmoqda. Agar uning faoliyatiga nazar solsak, bir necha kamchiliklar ko‘zga tashlanadi. Qo‘limda Chirchiq shahar prokuraturasining taqdimnomasi bor. Unga asosan budjet mablag‘lari noqonuniy sarflanishi, smetalar xarajatlarida katta moliyaviy hisobda xatoliklar bo‘lgani ko‘rsatilgan. Tergov boshqarmasining taqdimnomasida esa, ishga olishdagi, ta'til pullarini to‘lab berilmagani keltirilgan. Boz ustiga, ichki audit nazorat bo‘limini taqdimnomalari ham bor.

Oxirgi ikki-ikki yarim yil ichida aynan shu shifoxonada moliyaviy va boshqa jihatlardan ko‘plab kamchiliklar, noqonuniy xatti-harakatlar amalga oshirilgani ma'lum bo‘ldi. Shunday holatda rahbar baho beradi-da. Albatta, o‘rgatishga, o‘zgartirishga harakat qilamiz, kerak bo‘lsa tanbeh beramiz. Chunki davlatning har bir so‘m puli o‘zidan o‘zi kelmaydi. Bu – xalqning puli. Boshqa biror bir tashkilotimizda biror bir e'tiroz yo‘q. Biz xuddi bir oiladekmiz, juda inoqmiz.

Bugungi sinovli paytda har bir inson o‘z o‘rnini bilgan holda, qo‘shimcha mas'uliyat bilan, fidoyilik bilan hayot kechirishi kerak. Bunaqangi ofatlar faqat hamjihatlik bilan yengib o‘tiladi. Bu holat bir tizimning rahbari sifatida menga juda noqulay. Bu yerda hammamizda ayb bor, deb o‘ylayman. Biz to‘g‘ri xulosa qilamiz. Guljahon Toyirovna va tashkiloti bilan yana qo‘shimcha ishlaymiz. O‘ylaymanki, bu kelishmovchilik vaqtinchalik. Hammasi o‘tib ketadi.

Muallifdan: Guljahon Yuldashevani ham yaxshi tashkilotchi, qobiliyatli shifokor deyishadi. 30 yillik tajribaga ega, kardioxirgurgiya sohasida fan doktori darajasini olgan To‘raqul Arziqulov esa samimiy, har qanday suhbat uchun ochiq, murosali inson sifatida taassurot qoldirdi.

Har ikkisi bemorlar uchun jon kuydirayotganiga ishongan holda, bu tushunmovchiliklar bartaraf etilishiga umid qilib qolamiz.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top