11:28 / 11.08.2020
16321
«Antibiotiklar viruslarga qarshi ishlamaydi. Ular virusni to‘xtatmaydi» - mutaxassis

«Hoshimov iqtisodiyoti» dasturi doirasida Behzod Hoshimov San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti professori, virusolog olim Sharof Tugizov bilan «Covid-19’ning kelib chiqishi, tarqalishi va davosi» mavzusida suhbat uyushtirdi.

- Viruslar o‘zi nima? Ularning bakteriyalardan qanday farqi bor?

- Viruslar hujayralar ichida yashaydigan parazitlar. Ular hujayradan tashqarida yashay olmaydi. Viruslarni juda yuqori tashkil qilingan organizm deb aytish mumkin. Ularning genetik informatsiyasi bor. Genetik informatsiyasi oqsillarga o‘ralgan holda joylashgan bo‘ladi.

Koronavirus haqida gapiradigan bo‘lsak, uning himoya qoplami bor. Genetik ma'lumot o‘sha lipid qoplamada turadi. U tashqarida bo‘lgan vaqtida hech qanday ziyoni yo‘q. Lekin hujayra ichiga kirganidan keyin o‘zining programmasini boshlaydi. Hujayradan yuz foiz foydalanadi. U juda aqlli mavjudot. Hujayra o‘zi oqsil ishlab chiqaradi. Virusda bu narsa yo‘q. Virus ichkariga kirgach, hujayraning xususiyatlarini o‘zi uchun ishlashga majburlaydi.

- Hozirda O‘zbekistonda ko‘plab mulohazalar bo‘lyaptiki, koronavirusga chalingan bemorlarni antibiotiklar, ya'ni bakteriyalarni o‘ldiradigan dorilar bilan davolashmoqchi. Bu qanchalik noto‘g‘ri, balki to‘g‘rimi?

- Antibiotiklar viruslarga qarshi ishlamaydi. Ular virusni to‘xtatmaydi. Lekin bu virusning patologiyasi shundayki, bu virus pnevmoniyaga olib keladi. Pnevmoniya bo‘lgan vaqtida ko‘pchilik holatlarda bakteriyalar ham qo‘shiladi. O‘shani davolash uchun antibiotiklar ishlatiladi.

- Covid-19’ning undan oldingi viruslar yoki koronaviruslardan prinsipial farqi nimada?

 - Koronaviruslarning oilasi – katta oila. Bularning yoshi 600-800 yil atrofida. Ular tabiatda ancha ilgari paydo bo‘lgan. Ularning hamma hayvonlarda viruslari bor. Odamlarda ham bor. Koronaviruslar fanda birinchi marta 1937 yilda tovuqlarning embrionida aniqlangan. 1960 yilga kelib, koronavirus odamlarda aniqlana boshlandi. To‘rtta shtammi bor. Hozirgacha ham o‘sha shtammlari mavjud. Ularni nopandemik deymiz. Ular pandemiya chaqirmaydi. Ular faqat tomoqda, yuqori nafas yo‘llarida patologiya chaqiradi. Lekin o‘pkaga tushmaydi. Qish faslida mana shularning hammasi keladi. Yengil o‘tib ketadi.

SARS-CoV-1 2002 yilda birinchi marta Xitoyning Guandun provinsiyasida topildi. O‘sha vaqtda ancha ishlar amalga oshirildi. Aniqlandiki, bu ko‘rshapalaklardan odamlarga o‘tgan. Ko‘rshapalaklarning 1300dan ortiq turi bor ekan. Ularning hammasining o‘z koronavirusi bor. Hozirgi natijalarga ko‘ra, shunday bo‘lyaptiki, bu avval ko‘rshapalaklarga bir-biridan o‘tgan. Rekombinatsiya bo‘lgan. Rekombinatsiya shunday narsaki, ikkita virus bitta hujayraga kirganida genomlari 25 foizgacha bir-biri bilan almashadi. Shu vaqtda vurusning genomida katta o‘zgarish bo‘ladi.

Buning ustiga bu kabi viruslar mutatsiyaga ko‘p uchraydi. Hamisha mutatsiya bo‘lib turadi. Mana shu sababli bu virus ko‘rshapalaklardan odamlarga o‘tgan bo‘lishi mumkin. Viruslar boshqa turlar orasida biri-biriga o‘tmaydi, aralashib ketmaydi. Yana buning ustiga ko‘rshapalaklar boshqa hayvonlarga o‘tib, ulardan odamlarga o‘tgan bo‘lishi mumkin. Xitoyda bu hayvonlarni odamlar iste'mol qilishadi. Shunday qilib, 2002 yilda bu virus SARS atipik pnevmoniya chaqiradigan bo‘ldi. Buni Xitoyda aniqlashdi. O‘sha vaqtda u 24ta mamlakatga tarqaldi. 2003 yilning yoz fasliga kelib, to‘xtadi. Bu borada ikkita taxmin bor: birinchisi, nazorat yaxshi bo‘lgani uchun yo‘qoldi deyiladi. Ikkinchisi, virusning o‘zi o‘zgargani sababli kuchi kamayib, yo‘qolgan bo‘lishi mumkin.

2012 yilda MERS degani keldi. Bu ham koronavirus. U Arabistonda tuyalardan odamlarga o‘tdi. O‘sha vaqtda virus yuqtirib olganlarning 34 foizi vafot etdi.  SARS-CoV-1’da o‘lim holatlari 10 foizgacha edi.

2019 yilda tarqala boshlagan virus SARS-CoV-1’ning qarindoshi, genomi  SARS-CoV-1 bilan 80 foiz bir xil. Bu virus ham Xitoyda aniqlandi. Hozir aniq bo‘lyaptiki, bu dekabrda emas, undan oldinroq sentabr, oktyabrda boshlangan. Xitoyliklar buni o‘z vaqtida aytishmagan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham boshida bunga yaxshi ahamiyat bermadi. Agar o‘z vaqtida ahamiyat berilib, Xitoyning o‘zida izolyatsiya qilinganida butun dunyo bu vaziyatga tushmasdi.

- Virus tarqalishini qanday to‘xtatish mumkin?

- Hozir bu haqida juda ko‘p gapirilyapti. Bir-biringizga yaqinlashmang – ijtimoiy masofa. Niqob taqing. Qo‘llaringizni yuving. Bu narsalarga amal qilinganida mana shu muammoni yuz foiz bo‘lmasada, ellik foizga hal qilish mumkin.

- Virusning belgilarsiz tarqalishi haqida nimalarni aytib bera olasiz?

- Agar immun tizim yaxshi ishlasa, virusning konsentratsiyasi yuqori bo‘lmasa, kasallik belgilarsiz kechayotgan odamda organizmning o‘zi virusni nazorat qilayotgan bo‘ladi. Virus 3-4 kun ichida yo‘qoladi. Keyin antitanalar paydo bo‘ladi. Antitanalar neytrallashtiruvchi quvvatga ega bo‘ladi, virusni o‘ldiradi. Bu virusning yaxshi tomoni shundaki, bemor tuzalib ketganidan keyin organizmda qolmaydi, rezervuari yo‘q. Hozirgacha buni ko‘rmadik. Boshqa viruslarda qoladi. Masalan, gepatit B, gepatit C, OIV. Bular organizmdan hech qachon ketmaydi, bir umr yashaydi. Demak, kasallikning belgilarsiz kechishi degani, organizmning o‘zi virusni nazorat qildi, hech qanday belgi ko‘rsatmadi, virusni yo‘qotdi degani.

- Bilishimcha, agar spirt bilan yuzalarni arsangiz, o‘sha joyda koronavirus bo‘lsa, u o‘lmaydi. Spirt 70 darajadan past bo‘lsa, o‘lmaydi deyishadi. Ikkinchi tomondan, tushunishimcha koronavirusda virusni oqsillar o‘rab olgan. Sovun bilan yuvilganida u o‘ladi. Sovun uning ustidagi oqsilni yo‘q qiladi va virusni zararlantiradigan muhitga olib chiqib, o‘ldiradi. Nima uchun aroqda virus o‘lmaydi? O‘zbekistonliklar dezinfeksiya deyilganida ko‘pincha spirt bilan tozalashni tushunishadi. Bu nima uchun noto‘g‘ri ekanini aytib bera olasizmi?

- 40-50 foizli spirtda o‘lishi mumkin. Chunki lipid qoplama barqaror narsa. 70 foizli spirtda yuz foiz o‘ladi. Sovun kuchli detergent hisoblanadi. Sovun o‘rab olgan vaqtida virus hech narsaga yopisha olmaydi. Buning mexanizmlari boshqacha.

To‘liq suhbatni Hoshimov iqtisodiyoti’ning Youtube’dagi kanali orqali ko‘rish mumkin.

Top