08:24 / 11.08.2020
5807
Apple logotipida nok tasvirlangan kompaniyani logotiplar o‘xshashligi sababli sudga berdi

Logotipida tishlangan olma tasvirlangan Apple kompaniyasi Prepear dasturi ishlab chiquvchilarini sudga berdi. Bunga foydalanuvchilarga taomlar, retseptlar topishda, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazishda yordam beruvchi Prepear dasturi logotipida nok tasvirlangani sabab bo‘lgan. 

Apple’da ta'kidlanishicha, nok olmani eslatadi va shu sababli mijozlarni chalg‘itishi mumkin. Kompaniya fikricha, bu Lenxem qonunining buzilishi hisoblanadi. Bu qonunga ko‘ra, AQShda avval qayd qilingan tovar belgisiga o‘xshash yoki u bilan bir xil ko‘rinishda bo‘lgan tovar belgisini qayd qilish taqiqlanadi.

“Apple logotipi shunchalik mashhur va bir zumda taniladiki, oddiy xaridorni javobgar servisi Apple bilan bog‘langani haqida o‘ylashga majbur qiladi”, deyilgan ushbu ish hujjatlarida.

Prepear ishlab chiquvchilari Apple’ning arzi kompaniyaga salbiy ta'sir ko‘rsatganini ma'lum qilishgan.

“Sud xarajatlari minglab dollarga aylandi va 5 kishidangina iborat jamoadan bir kishining ishdan bo‘shatilishiga olib keldi”, deyilgan kompaniya xabarida.

Dastur hammuassislaridan biri Rassel Monson “Nokni Apple’dan qutqaring!” deb nomlangan petitsiya e'lon qilgan. Uni hozirda 14 mingdan ko‘proq odam imzolagan. Monsonning ta'kidlashicha, uning firmasi Apple kabi gigant bilan uzoq sud jarayonini o‘ziga ep ko‘rolmaydi.

Prepear’ning yana bir hammuassisi Natali Monson yirik kompaniyaga qarshi chiqmoqchiligini ma'lum qilgan.

“Men Apple’ning sudga tajovuzkor da'volariga qarshi chiqishni va logotipimizni saqlab qolish huquqi uchun kurashishni o‘zimning burchim deb hisoblayman. Biz Apple bilan nafaqat logotip, balki yirik texnologik kompaniyalar uchun kichik biznesni tahqirlash salbiy oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatib qo‘yish uchun kurashmoqdamiz”, deb yozgan Natali Monson Instagram’da.

Top