15:20 / 11.08.2020
45470
Hududlar va sohalar bo‘yicha alohida rejalar ishlab chiqilgan - shtab a'zosi karantinni yumshatish choralari haqida

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Rustam Ikromov 15 avgustdan boshlab karantin qay asosda yumshatilishi bo‘yicha izoh berdi.

«O‘tgan safar karantinni yumshatish bosqichma-bosqich amalga oshirilganda ko‘plab fuqarolar va sohasiga ruxsat berilgan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan cheklovlarning qo‘pol ravishda buzilishi qat'iy karantinni qayta joriy etishga olib kelgani hech kimga sir emas. Bu aholi orasida yetarlicha tashvish uyg‘otdi.

Ayni kunlarda 15 avgustdan boshlab karantinni bosqichma-bosqich yumshatishga kirishilmoqda. Bunda turli sohalarning o‘ziga xos xususiyatlariga ko‘ra, ya'ni koronavirus tarqalishiga qanchalik ta'sir ko‘rsatishidan kelib chiqib ish tutiladi», dedi Rustam Ikromov AOKAdagi brifingda.

Shtab a'zosi koronavirus tarqalishini to‘xtatish doimiy cheklovlar bilan erishib bo‘lmaydigan jarayon hisoblanishini qayd etib o‘tgan.

«Bu orqaga qaytarilmaydigan o‘ziga xos jarayon. Chunki koronavirus bilan kurashni faqatgina karantin va cheklovlar bilan amalga oshirish mumkin bo‘lganida, hozirgacha butun dunyodagi qat'iy cheklovlardan keyin infeksiyaning ma'lum darajada pasayishga yoki tarqalishining to‘xtashiga olib kelishi kerak edi.

Ko‘rib turibmizki, koronavirus havo-tomchi infeksiyasi bo‘lgani uchun ma'lum tartiblarga rioya qilgan holda, ammo doimiy cheklovlar bilan erishib bo‘lmaydigan jarayon hisoblanadi. Shu bois hozirda shtab tomonidan karantinni yumshatishga oid takliflar ishlab chiqilyapti», deya Ikromovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

  • Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda iyul oyi boshida avvaliga 1 avgustgacha qat'iy karantin joriy etilgandi. Keyinroq, iyul oyi oxirida karantin muddati 15 avgustgacha uzaytirildi.
  • Avgust oyi boshida respublikaning ayrim hududlarida karantin yumshatila boshlandi.
  • Senat raisi Tanzila Norboyeva 7 avgust kuni Senat yalpi majlisida O‘zbekistonda karantin choralari bosqichma-bosqich bekor qilinishi haqida gapirdi. 10 avgust kuni esa prezident Shavkat Mirziyoyev karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilishini ma'lum qildi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top