21:00 / 11.08.2020
30075

Namanganda karantin cheklovlari yumshatildi

Namangan viloyatida 11 avgustdan boshlab karantin cheklovlarini  yumshatishga kirishildi.

Namangan viloyatida koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha viloyat komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan qaror qabul qilindi. 

Mazkur hujjatga ko‘ra, joriy yil 11 avgust kunidan boshlab Namangan shahar va tumanlar hududida hamda shahar (tuman)lararo yo‘nalishlarda jamoat transportida (avtobus, yo‘nalishsiz taksi) yo‘lovchi tashish faoliyatiga ruxsat beriladi. Bunda yo‘lovchilarni cheklangan soniga qat'iy amal qilinishi va ish soati 22:00da yakunlanishi belgilab qo‘yiladi.

Hokimliklar huzuridagi karantin cheklovlarini yumshatish va tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga bosqichma-bosqich ruxsat berish bo‘yicha tuzilgan maxsus ishchi guruhlar xulosasi asosida quyidagi faoliyat turlariga ruxsat beriladi: 

  • Barcha turdagi ixtisoslashtirilgan bozorlar.  
  • Umumiy ovqatlanish shaxobchalari. Oshxonalar soat 12.00dan 14.00 gacha, restoranlar esa soat 18.00 dan 21.00 gacha ishlashi mumkin. Banketlar hamda boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi; 
  • Park va istirohat bog‘lari;
  • Mehmonxonalar; 
  • Sport zallari, fitnes klub va trenajyor zallar (ijtimoiy masofani ta'minlash imkoniyati bo‘lmagan jamoaviy sport turlarini o‘tkazmaslik tavsiya etiladi);
  • Davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari;
  • Nodavlat ta'lim markazlari, to‘garaklar (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan guruhlar tashkil etib, mashg‘ulotlar vaqtini oldindan kelishgan holda); 
  • Barcha xizmat ko‘rsatish obektlari, jumladan, sartaroshxona va go‘zallik salonlari.

Mazkur muassasalar, tadbirkorlik sub'yektlari va majmualar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda belgilangan shartlarga amal qilinishi lozim. Aks holda ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi va faoliyati to‘xtatiladi. 

Oilaviy tantana, to‘y, ma'raka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan hamda sanitariya-gigiyena talablariga qat'iy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Viloyat komissiyasi yig‘ilishida ushbu yumshatish choralari joriy etilayotganini suiiste'mol qilmaslik, ommaviy tadbirlarga yo‘l qo‘ymaslik, masofani saqlash, niqob taqish kabi birlamchi qoidalarga doimiy amal qilinishi zarurligi ta'kidlangan.

Top