18:06 / 11.08.2020
122641
O‘zbekiston karantinni yumshatish arafasida. Qaysi cheklovlar saqlab qolinishi, qaysilari bekor qilinishi kerak?

Shu kunlarda karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish masalasi O‘zbekiston kun tartibidagi eng muhim masalalardan biri bo‘lib turibdi. Bu haqda Senatning 7 avgustdagi yalpi majlisida, 10 avgust kuni esa prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ta'kidlab o‘tilgan edi.

Ayni kunlarda O‘zbekistonda karantinni yumshatish doirasidagi tayyorgarlik ishlari ketmoqda.  Garchi tez tibbiy yordam va davolash sifati yaxshilangani natijasida so‘nggi bir haftada mamlakat bo‘yicha koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi oshgani qayd etilgan bo‘lsa-da, barcha hududlarda davolash o‘rinlari va tibbiy uskunalar sonini bir necha barobar ko‘paytirish ishlari ham davom ettirilmoqda. Bu esa koronavirus bilan bog‘liq xavf va xavotirlar hali ham mavjudligini, endilikda barcha dunyo mamlakatlari kabi pandemiya sharoitida yashash va ishlashga o‘rganishimiz, shu bilan bir qatorda, o‘zimiz va yaqinlarimiz sog‘lig‘i uchun maksimal darajada xavfsizlik choralarini ko‘rishimiz lozimligini anglatadi.

Tan olish kerak, pandemiya sharoiti sog‘liqni saqlash organlari va epidemiya jarayoniga mas'ul bo‘lganlarning zimmasiga ulkan javobgarlik yuklamoqda. Shu ma'noda, karantin choralarini yumshatish juda nozik va mas'uliyatli masala. Chunki bu bilan bog‘liq qarorlar ortida o‘ttiz to‘rt milliondan ortiq aholining, ya'ni siz-u biz – barchamizning taqdirimiz turibdi. Bu esa hazilakam gap emas. Qolaversa, ayrim mamlakatlar karantinni yumshatish bo‘yicha noto‘g‘ri paytda noto‘g‘ri qarorlar qabul qilgani bois epidemiyaning avvalgidan-da kuchliroq zarbasiga uchradi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh, karantin talablarini qanday yumshatgan ma'qul? Bu jarayonda xalq va hukumat zimmasiga tushadigan vazifalar nimalardan iborat bo‘ladi? Quyida shu masalalar bo‘yicha ayrim shaxsiy mulohaza va takliflar bayon etiladi.

Ma'lumki, virus tarqalishini boshqarishning muhim usuli bu epidemik cho‘qqini kechiktirish va zaiflashtirish, boshqacha qilib aytganda, epidemik egri chiziqni tekislashdir. Shu tarzda, sog‘liqni saqlash tizimi haddan tashqari yuklama ostida qolishining oldi olinadi va emlash yoki davolashni rivojlantirish uchun vaqt tejaladi. Shuni unutmaslik lozimki, agar jamiyat chora-tadbirlardan charchasa va ulardan erta voz kechsa, virusga chalinish holatlari yanada ko‘payadi, natijada sog‘liqni saqlash tizimi hamma uchun yetarli bo‘lmagan darajada bloklanadi. Shu bois chora-tadbirlarni yumshatish siyosati va boshqaruvi mamlakatdagi mavjud epidemiologik mezonlarga muvofiq bo‘lishi va talablar yumshatilgandan keyin ham aholi tomonidan belgilangan cheklovlarga amal qilinishi juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni paytda dunyo olimlari tomonidan bir fikr yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda: Covid-19 doirasida qabul qilingan choralar (niqob taqish, qo‘lni toza tutish, ijtimoiy masofa) epidemiyaning shiddatini sezilarli kamaytirishi mumkin. Shundan kelib chiqqan holda va mavjud vaziyatni hisobga olib, O‘zbekistonda karantin choralarini quyidagicha yumshatilishi tarafdoriman. Xususan,

I. Quyidagi cheklovlar saqlab qolinishi maqsadga muvofiq:

1. Niqob taqish – barcha jamoat joylarida niqob taqish majburiy bo‘lishi, bu bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi, shuningdek, niqob taqmagan yoki niqobini to‘g‘ri (og‘iz va burunni yopadigan shaklda) taqmagan fuqarolarni tegishli tartibda jarimaga tortish amaliyoti qat'iy va tizimli tarzda davom ettirilishi lozim. Shu bilan bir qatorda, jamoatchilik o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, niqoblarning sotuvdagi narxini yanada arzonlashtirish, niqob ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub'yektlarini rag‘batlantirish va ularga ko‘proq imtiyozlar berilishi lozim. Ya'ni har kim moddiy ahvoli chatoqligi tufayli bir niqobni kunlab taqib yurishga majbur bo‘lmasin, uni tez-tez almashtirib turish imkoniga ega bo‘lsin. Chunki niqob taqish ayni paytda butun dunyoda virus yuqtirish va yuqtirib olish ehtimolini kamaytiruvchi eng asosiy vositalardan biri bo‘lib turibdi va bu vosita epidemiya sharoitida hali-beri o‘z aktualligini yo‘qotmaydi.  

2. Ijtimoiy masofa saqlash – eng kamida 2 metr. Ushbu talab ham koronavirus doirasida ko‘rilgan chora-tadbirlar qisman yoki to‘liq bekor qilingan mamlakatlarning deyarli barchasida saqlab qolindi. Shu bois ham jamoat transportlari, do‘kon, restoran, umumiy ovqatlanish kabi joylarda umumiy sig‘im hajmining yarmidan ko‘p shaklida odam olinishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Bu bo‘yicha to‘liq mas'uliyat yopiq maydonlarda xizmat ko‘rsatuvchi sub'yektlarning o‘ziga yuklanishi va tegishli tartibda nazorat  o‘rnatilishi lozim.  

Shuningdek, yig‘ilish va majlislar o‘tkazilishiga tamoman chek qo‘yilishi, zarurat tug‘ilganda esa ularni masofaviy tarzda tashkil etish lozim. Bu tartibga bo‘ysunmagan va insonlarning virus yuqtirib olish xavfi ortishiga sabab bo‘lgan rahbarlar tegishli tartibda jazolanishi shart.   

3. Qo‘l dezinfeksiyasi – barcha jamoat joylari, davlat va nodavlat tashkilotlarida, shuningdek, jamoat transportlari (metro, avtobus, taksilar)da, avtobus bekatlarida qo‘lni dezinfeksiyalash vositalari o‘rnatilishi lozim. Ya'ni jamoat transportidan foydalangan har bir odam qo‘lini dezinfeksiyalash imkoniga ega bo‘lsin.

4. Ma'raka marosimlari va to‘ylarni 30 kishidan oshmaydigan holda o‘tkazish tartibi saqlab qolinishi lozim. O‘tgan gal cheklovlar yumshatilishi ortidan ushbu raqamlar 30dan ortgan hollar ham kuzatildi. Buning isboti sifatida esa ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan bir qancha videolarni ko‘rsatish mumkin. Ayniqsa, mahalla tizimida faoliyat yurituvchi mas'ullardan bu borada hushyorlikni oshirish talab etiladi.   

5. Ommaviy tadbirlar tashkil qilmaslik va sport musobaqalarini muxlislarsiz o‘tkazish tartibini ham davom ettirish kerak.  

6. Maktabgacha ta'lim muassasalari, maktablar, oliy o‘quv yurtlari masofaviy ta'limni davom ettirgani ma'qul. Chunki bolalar va yoshlar orasida virus bilan bog‘liq vaziyatni tushunmaslik, jiddiy qabul qilmaslik yoki belgilangan cheklovlarni qasddan buzish holatlari kuzatilishi, bu esa virusning tez tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, dunyoning juda ko‘plab mamlakatlari avgust-sentabr oyidan e'tiboran boshlanuvchi yangi o‘quv yilini masofaviy tarzda tashkil etishni rejalashtiryapti yoki mavjud epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda masala yechimiga oid turli versiyalarni ko‘rib chiqmoqda. Xususan, Turkiyada bu bo‘yicha ota-onalar, o‘quvchilar, o‘qituvchilar o‘rtasida turli so‘rovnomalar o‘tkazilmoqda va quyidagi ssenariylar ko‘rib chiqilmoqda:

A) Cheklovsiz ta'lim. Ushbu ssenariyga ko‘ra, maktablar hech qanday cheklovlarsiz to‘liq ochilishi kutilmoqda;
B) Onlayn ta'lim. Mazkur ssenariy o‘qishni to‘liq internet orqali davom ettirishni ko‘zda tutadi;
C) «Eritilgan» ta'lim. Ushbu ssenariy bo‘yicha, maktablar ma'lum kunlarda ochiladi, shu bilan birga, sinfdagi o‘quvchilar kichik guruhlarga bo‘linadi va ular turli kunlarda maktabga borishadi, dars soatlari ham kamayadi. Ba'zi darslar esa internet orqali olib boriladi;
D) Xavfli mintaqalarda ta'lim. Virusga chalinish holatlari ko‘p bo‘lgan va epidemiya xavfi yuqori viloyatlarda ta'limda cheklov o‘rnatiladi, boshqa viloyatlarda esa cheklovsiz ta'lim beriladi

7. Ko‘ngilochar maskanlar, konsert zallari va suzish havzalari faoliyati epidemiologik vaziyat to‘liq izga tushgunga qadar to‘xtatib turilishi lozim. Chunki epidemiya sharoitida, inson salomatligi jiddiy xavf ostida turgan bir vaziyatda ushbu faoliyat turlariga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojni qondirish birlamchi ahamiyat kasb etadigan darajada emas.

8. Epidemiologik vaziyat izga tushgunga qadar 65 va undan katta yoshdagi odamlar, shuningdek, surunkali kasalliklari bo‘lganlarning jamoat joylarida harakatini cheklash lozim. Bu, avvalo, mazkur toifaga mansub yaqinlarimizning sog‘lig‘i uchun zarur, qolaversa, yuqori ob-havo sharoiti ham keksa yoshdagi va surunkali kasallikka chalingan insonlar sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi sir emas. 

II. Quyidagi cheklovlar yumshatilishi maqsadga muvofiq:

1. Savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish va dam olish maskanlari, sartaroshxona va go‘zallik salonlariga ijtimoiy masofa va belgilangan gigiyenik talablarga rioya qilish sharti bilan 09:00-21:00 oralig‘ida xizmat ko‘rsatishiga ruxsat berilishi lozim. Ayni paytda vaziyat tizimli nazorat qilinishi, talabga bo‘ysunmagan va shu orqali odamlarning virus yuqtirib olish xavfining ortishiga sabab bo‘lganlar tegishli tartibda jazoga tortilishi shart.  

Umumiy ovqatlanish shoxobchalarining faoliyatiga ularning epidemiya sharoitda o‘z xizmatni qay tartibda yangidan yo‘lga qo‘ya olishi tegishli tartibda o‘rganib chiqilgach (ya'ni virus bilan bog‘liq xavfsizlik choralari qay darajada ko‘rilganiga qarab) ruxsat berilishi lozim.

2. Aviaqatnovlar va tashqi yo‘llar – epidemiologik vaziyat izga tushgan, shuningdek, boshqa mamlakatlar ham aviaqatnovlarni tiklagan, ya'ni «yashil» qatnov sinfiga mansub mamlakatlar bilan aviaqatnovlar va tashqi yo‘llardagi aloqalar bosqichma-bosqich tiklanishi maqsadga muvofiq. Bunda aeroportlar va chegara-bojxona postlarida termal kamera tekshiruv amaliyotini davom ettirish, ularning tana haroratini o‘lchash, koronavirus alomatlari kuzatilgan (xususan, tana harorati me'yordan yuqori)  yo‘lovchilarni esa aeroport va chegara punktlarining o‘zida bepul testdan o‘tkazib, agar natijasi musbat bo‘lsa, karantinga olish tizimida ishlash lozim.

3. Masjidlar faoliyatini tiklash, juma namozlari tegishli gigiyenik tartib va ijtimoiy masofani saqlagan holda ado etilishiga ruxsat berilishi lozim. Agar juma namozi qulay ob-havo sharoitiga to‘g‘ri kelsa, xafvsizlik nuqtayi nazaridan, uni ochiq osmon ostida tashkil etish maqsadga muvofiq.  

III. Quyidagi cheklovlar to‘liq bekor qilinishi maqsadga muvofiq:

1. Hududlar ichidagi, shuningdek, viloyatlararo transport aloqasi to‘liq tiklanishi lozim. Taksilar faoliyatiga cheklangan miqdorda odam olish va belgilangan gigiyenik talablarga rioya qilish sharti bilan ruxsat berilishi darkor.

Albatta, karantin joriy etish, holat va kontaktlarni kuzatib borish virusni yengib o‘tishdagi asosiy chora-tadbirlar sirasiga kiradi. Ammo odamlarni uzoq vaqt karantinda ushlab turish imkonsiz. Zotan, dunyo mamlakatlari bugun total karantin joriy etib, koronavirusni to‘xtatishga emas, balki uni to‘g‘ri boshqarishga ko‘proq urg‘u bermoqda va mana shu masala ustida ko‘proq bosh qotirilmoqda.

Shuni ham unutmaslik kerakki, karantin cheklovlarining yumshatilishi yoki bekor qilinishi virus tamoman yo‘qoldi, degani emas. Yo‘l qo‘ygan xatolarimizdan to‘g‘ri xulosa chiqaraylik, ya'ni bizning sog‘lig‘imiz xuddi o‘zimizga emas, hukumat va davlatga kerakdek, vaziyat sal yumshashi bilan loqaydlikka berilib qolmaylik. Yo‘qsa, ko‘rilgan barcha-chora tadbirlarning natijasi nolga teng bo‘lishi va yana qaytadan karantin joriy etilishi hech gap emas. Esdan chiqarmaylik: hammasi o‘z qo‘limizda!

Otabek Tillayev

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top