20:54 / 11.08.2020
36068
Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasidan 1 milliard dona so‘raldi

Rossiyada birinchi bo‘lib ro‘yxatga olingan koronavirusga qarshi vaksina “Sputnik V”ga 20 davlat qiziqish bildirmoqda. Xalqaro bozor uchun vaksina boshqa davlatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqariladi.

Foto: Dmitry Kurakin

11 avgustda vaksinaning ro‘yxatga olinishiga bag‘ishlangan anjumanda Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) bosh direktori Kirill Dmitriyev ushbu vaksinadan 1 mlrd doza so‘ralganini ma'lum qildi. Jamg‘armaga bunday so‘rovlar 20 ta davlatdan, jumladan, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Osiyo davlatlaridan kelib tushgan.

Dmitriyevning tushuntirishicha, vaksinaning Rossiyada ishlab chiqariladigan barcha hajmi ichki bozor uchun qo‘llanadi, vaksina qolgan davlatlar uchun xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqariladi. “Xorijiy hamkorlar bilan 5 ta davlatda yiliga 500 mln. dan ko‘proq doza vaksina ishlab chiqarilishini ta'minlashga tayyormiz va ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirmoqchimiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Dmitriyev.    

Ushbu vaksina N.F.Gamaleya nomidagi tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan. Markazdan tashqari, vaksinani “Binnofarm” farmatsevtika zavodi ishlab chiqaradi.

“Sputnik V”ning klinik sinovlari iyunda Moskvadagi Sechenov universiteti va Burdenko nomidagi harbiy gospitalda boshlangan. Sinovlarning har birida 38 ko‘ngilli ishtirok etgan. Klinik sinovlarning 3-bosqichida 2 ming kishi ishtirok etadi. Shuningdek, ushbu bosqich xorijda o‘tkaziladi. RFPI bu haqda BAA, Saudiya Arabistoni va yana bir nechta davlatlardagi hamkorlari bilan kelishuvga erishgan.

Vaksina ishlab chiqarilishi RFPI tomonidan Alium va “R-Farm” kompaniyalari hamda xalqaro farmatsevtika kompaniyalari bilan birgalikda moliyalashtirilmoqda. Investitsiyalar hajmi 4 mlrd rublni tashkil qilgan.

“Binnofarm” zavodi quvvatlari yiliga 1,5 mln doza vaksina ishlab chiqarishga imkon beradi. Ta'kidlanishicha, zavod ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun qo‘shimcha uskunalar bilan jihozlanadi. Vaksina bilan birinchi navbatda asosiy xavf guruhi hisoblangan rossiyalik tibbiyotchilar ta'minlanadi. Ma'lum qilinishicha, vaksinaning ilk partiyalari Rossiya hududlariga jo‘natish uchun tayyor.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top