01:11 / 11.08.2020
32952
Tixanovskaya izsiz g‘oyib bo‘ldi

Birlashgan muxolifat shtabidagilar uning qayerdaligini bilishmayapti.

Foto: AP

Belarus prezidentligiga nomzod Svetlana Tixanovskaya yo‘qolib qoldi. Bu haqda uning matbuot kotibi Anna Krasulinaga tayanib Euroradio Telegram-kanali xabar tarqatdi.

Krasulinaning so‘zlariga ko‘ra, Tixanovskayaning smartfoni ishlayapti, lekin u qo‘ng‘iroqlarga javob bermayapti. Birlashgan muxolifat shtabidagilar uning qayerdaligini bilishmayapti.

Avvalroq Tixanovskaya uch soatga yaqin vaqtini o‘tkazgan markaziy saylov komissiyasi binosini tark etgani xabar qilingandi.

«So‘ngra Svetlana chiqdi. U advokatiga qaror qabul qilganini aytgan va u bilan xayrlashgan. U orqa eshikdan chiqib ketgan. U qanday qaror haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmagan», — dedi Krasulina.

Belarusda 9 avgust kungi prezidentlik saylovidan norozi bo‘lgan namoyishchilar va kuch tuzilmalari xodimlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Ekzitpolga ko‘ra, amaldagi davlat rahbari Aleksandr Lukashenko 80 foizdan ortiq, muxolifat yetakchisi Tixanovskaya esa 10 foizdan kamroq ovoz to‘plagan.

Top