11:16 / 12.08.2020
9006

AQSh bosh infeksionisti Rossiya vaksinasining xavfsiz ekaniga shubha bildirdi

AQSh bosh infeksionisti Entoni Fauchi koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasining xavfsiz ekaniga shubha bildirdi.

Foto: Reuters

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh shu haftadayoq bir necha vaksinani taqdim qilishi mumkin edi, ammo hozircha ularning samarali va xavfsiz ekaniga to‘liq ishonch hosil qilinmagan.

Uning bayonotiga ko‘ra, barcha zarur sinovlardan o‘tmagan preparatning qo‘llanishi nafaqat samarasiz bo‘lishi, balki ko‘plab odamlarga zarar yetkazishi mumkin.

Avvalroq, AQSh prezidenti yordamchisi Kellian Konuey ham Rossiya vaksinasini tanqid qilgan edi. U Rossiya preparatining AQSh vaksinalaridan orqada qolayotganini va juda kam sinalganini e'tirof qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika standartlari qattiqroq.

11 avgust kuni Rossiyada koronavirusga qarshi ilk vaksina ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda prezident Vladimir Putin bayonot berdi va Rossiya bunday preparatni ishlab chiqargan va ro‘yxatdan o‘tkazgan ilk mamlakat bo‘lganini qayd qildi.

«Sputnik V» nomini olgan vaksina 2021 yil yanvar oyidan muomalaga chiqariladi. Uni ishlab chiqaruvchilar 2 yil davomida koronavirusga qarshi immunitet hosil qilishini ta'kidlashmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top