08:38 / 12.08.2020
45695
«Boshidan o‘tgan tabib» – Sherzod Shermatov o‘zi va bir o‘rinbosari koronavirusga chalinganini ma'lum qildi

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Telegram’dagi kanalida COVID-19 koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgani, kasalxonada davolangani va ayni vaqtda uy sharoitida reabilitatsiyada ekani haqida post qoldirdi. U sanitariya qoidalariga qat'iy rioya qilgan bo‘lsa-da, baribir ushbu virusni yuqtirib olganini qayd etgan.

«Boshidanoq tana haroratim ko‘tarilib, umumiy ahvolim yomonlashdi. Ertasidan lohaslik, saldan keyin hid bilish va ta'm bilish ham yo‘qoldi. Birinchi hafta shifokor maslahati bilan uyda davolanishga harakat qildim, yengilroq o‘tsa, balki shifoxonaga hojat bo‘lmas degan niyatim bor edi. Lekin bir haftadan keyin, tana harorati yana ko‘tarilib ketganiga, shifokorlar shifoxona sharoitida davolanishga o‘tish kerakligini ta'kidlashdi. O‘sha kezlari Semashko sanatoriyasi koronavirusni davolashga ixtisoslashtirilgan ekan, o‘sha yerda davolanishga to‘g‘ri keldi.

Shifokor tavsiyasiga ko‘ra dorilardan boshidan D3, S kabi vitaminlarni qabul qila boshladim. Keyinroq isitma tushavermagach qo‘shimcha antibiotiklar qo‘llashni boshlashdi. Saturatsiya tushib ketganda, muolaja davomida deksametazondan ukol qilib, nafasni ochishga yordam berishdi.

Qonni suyultiradigan dori va tabletkalar ham juda muhim ekan. Chunki bu kasallikda inson organizmida qon quyilishi va shu orqali yurak qon aylanish va o‘pkaga salbiy ta'siri bo‘lishi mumkinligi haqida ham bilib oldim», deb yozadi Sherzod Shermatov.

Vazir so‘zi davomida koronavirusni o‘z boshidan o‘tkazgan bemor sifatida infeksiyadan ehtiyot bo‘lish, agarda kasallik asoratlari sezilsa, qanday choralar ko‘rgani haqida maslahat bergan.

«Boshidan o‘tgan tabib deganlaridek, kimdir o‘zida shunday holatlarni sezsa, ba'zi maslahatlar ularga foydali bo‘lsa kerak deb yozyapman.

Birinchidan, vahima qilmaslik. Vahima har qanday kasalning yanada kuchayishiga, odamni asabiylashishiga va atrofda unga yordam berayotganlarning qiynalishiga sabab bo‘ladi.

Ikkinchidan, yaxshi niyat qilish. Internetda negativ juda ko‘p, lekin kasal paytingizda eng asosiysi yaxshi niyat qilib o‘zingiz birinchi navbatda tuzalishga harakat qilsangiz, tezroq tuzalib ketasiz.

Uchinchidan, yaxshilik qilish. Sadaqa raddi balo deyilgandek, qanchalik yaqinlarga va muhtojlarga yordam berilsa, shunchalik odam o‘zini yengilroq his qiladi.

Oxirgisi va eng asosiysi: shifokorlar ishini qadrlash. Shuncha qiyinchiliklarda eng asosiy yuk shifokorlarga bo‘lyapti. Shunday ekan, hozirgi davrda sog‘lig‘ingiz tufayli shifoxonaga tushib qolsangiz, sizni davolaydigan shifokormi, hamshirami yoki boshqa tibbiy xodim bo‘ladimi, siz ham o‘z navbatida ularga yaxshi gapirib, ko‘nglini ko‘tarib turishni maslahat beraman. Ular ham juda charchashyapti, ayniqsa shu issiqda sanitariya qoidalariga rioya qilib hammasi maxsus kiyimda yurishi oson emasligini ko‘rishingiz mumkin. Fursatdan foydalanib, barcha shifokorlarga minnatdorchilik bildirib o‘tmoqchiman!», degan vazir.

Shuningdek, Shermatov kasal bo‘lgan paytida uni yo‘qlagan yaqinlari, do‘stlari, qarindosh-urug‘lariga minnatdorlik bildirgan. Ularning duolari va yaxshi so‘zlari katta dalda bo‘lganini ta'kidlagan.

«Hatto davlatimiz rahbari shaxsan ahvolimni surishtirib turganlarini eshitib, boshim osmonga yetdi. Shunday odamgarchiligi yuqori bo‘lgan insonning jamoasida ekanligimdan g‘ururlandim. Ustozim bir necha bor telefon orqali hol ahvol so‘rab, ko‘nglimni ko‘targanlari ham katta madad bo‘ldi.  

Prezident Administratsiyasi rahbariyati, Vazirlar Mahkamasidagi Kompleksimiz rahbari tomonidan ham ahvolimni so‘rab turishgani kuch bag‘ishladi. Shunday vaqtda ish bo‘yicha munosabatlar emas, balki haqiqiy insoniylik qadriyatlarining muhimligi juda bilinar ekan.

Ota-onamning har kungi duolari, barcha qarindoshlarning o‘zaro birlashib, o‘zlari pishirgan taomlardan ilinib yuborib turishganining ham katta foydasi tegdi. Ayniqsa, qarindoshlar tayyor boqayotgan tovug‘ini olib, so‘yib, tovuq sho‘rva pishirib yuborib turishgani tezroq tuzalishimga foyda bo‘ldi.

Ko‘pchilik yaqinlarim qatori, Sport Federatsiyasidagilar ham Xitoy dorisidan darrov yetkazishdi, rahmat, baraka topishsin. Bunday e'tibordan juda xursand bo‘ldim.

Men o‘zimni juda boy inson deb hisoblardim, chunki ham ota-onam, ham qaynona-qaynotam hayot bo‘lib, doim duo qilib turishgandi. Afsuski, orada qaynotam ham omonatlarini topshirdilar. Joylari jannatda bo‘lsin, juda yaxshi inson edilar...

Shifoxonaga borganim to‘g‘ri bo‘libdi, MSKT 50 foiz o‘pkada ikki tomonlama pnevmoniya ekanligini ko‘rsatdi. Keyin saturatsiya 73gacha tushib ketdi, kislorod konsentratorini ulab, ancha ko‘tarib turishga imkon bo‘ldi. Lekin baribir eng asosiysi, kislorod bo‘lsa ham, odam o‘zi ko‘proq nafas mashqlari qilishi kerak ekan. Kislorod boshida o‘pkani ozgina erka qilib ham qo‘yarkan.

Faqat kisloroddan nafas olib yotgan bilan ijobiy natija chiqishi qiyin bo‘ladi deyishdi, shunga imkon boricha nafas mashqlarini qilishga harakat qildim va albatta, foydasini sezdim. Boshida qiynalib yo‘tal tutgan vaqtlari, majbur qaytadan kislorodga ulanib, saturatsiyani ko‘tarib turdim, keyin sekin-sekin kislorodni kamaytirib, ko‘proq nafas olishga harakat qildim.

Men 2 yilcha avval pnevmoniya bo‘lgandim, shu ham salbiy ta'sir qildi. O‘zi umuman davlat ishidagi tartibsiz rejim, asabbuzarliklar, kechgacha ishda bo‘lish ham organizmni charchatib, bunday kasalliklar og‘irroq o‘tishiga sabab bo‘larkan. Shuning uchun, imkon boricha o‘zingizni asranglar, pnevmoniyani menga o‘xshab oyoqda o‘tkazmanglar», deydi vazir.

U o‘zidan tashqari vazirlikdagi bir o‘rinbosar va anchagina xodimlar ham bu virusni yuqtirib, ular ham davolanib chiqishgani haqida ma'lumot bergan.

«Eng qiyini kasalxonada vaqt sekin o‘tishi bo‘ldi. Men kabi ishga o‘rganib qolgan odamga vaqt bekor o‘tayotganiga ko‘nikish juda qiyin bo‘larkan. Rahmat, o‘z ishiga mas'uliyatli va tashabbuskor yaxshi o‘rinbosarlar va fidoyi xodimlarimiz bor. Internet orqali ham darrov vazifalarni tushunib, ishlarni sifatli tashkil qilishga harakat qilishdi. Afsuski, men bilan bir vaqtning o‘zida vazirlikdagi bir o‘rinbosar va anchagina xodimlar ham bu virusni yuqtirib, ular ham davolanib chiqishdi.

Hozirda uyda reabilitatsiya davrini o‘tamoqdaman, nasib qilsa yaqin orada ishga qaytaman.

Davolanish davrida...

Kasalxonada ekanman, 60dan ortiq audiokitob eshitib qo‘ydim. Farhod Ibragimovga rahmat, ancha oldin yaxshi Blinkist degan dasturni sovg‘a qilgandi. Juda ko‘p yaxshi kitoblarni qisqacha qilib aytib beradigan, ingliz tilini bilgan va vaqti ziq bo‘lgan rahbarlar uchun juda foydali dastur ekan.

Imkoniyatingiz bo‘lsa, audiokitoblar tinglang, bu esa vaqtdan unumli foydalanishga yordam beradi. O‘zbek tilida audiokitoblar tinglamoqchi bo‘lganlar www.kitob.uz portalidan bemalol foydalanishlari mumkin.

Kimgadir ushbu maslahatlarimning foydasi tegsa xursand bo‘laman, o‘zingiz va yaqinlaringizni asranglar!», deya so‘zini yakunlaydi Sherzod Shermatov.

Shu paytga qadar ko‘plab davlat amaldorlarida koronavirus infeksiyasi aniqlangani ma'lum. Xususan, bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, Buxoro viloyati hokimi Karim Kamalov, Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, shuningdek, davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov hozirda COVID-19 infeksiyasidan davolanmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi raisi, Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Musa Yerniyazov, Respublikaning Qonliko‘l tumani hokimi Daulet Toliboyev, O‘zbekiston Moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunov esa mazkur kasallik oqibatida vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top