08:47 / 12.08.2020
1987
«Deloyt» O‘zbekistonda investitsiya maslahatchisi litsenziyasini oldi

«Deloyt» 150dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritib, 312 mingdan ziyod mutaxassislarni birlashtirgan audit-konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi dunyodagi eng yirik tashkilot hisoblanadi. 

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi «Deloyt» kompaniyasining mahalliy ofisiga investitsiya maslahatchisi litsenziyasini berdi. Bu haqda agentlik xabarida aytiladi.

Qayd etilishicha, bu kompaniyaga qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatish, qimmatli qog‘ozlar bozori va uning ishtirokchilari holatini tahlil qilish va prognozlash, shuningdek xususiylashtirishga yoki birlamchi ommaviy taklifga (IPO) tayyorgarlik ko‘rayotgan kompaniyalarga maslahatlar berish imkonini beradi.

«Xalqaro konsalting kompaniyalari tomonidan O‘zbekiston kapital bozoriga bo‘lgan qiziqishning ortishi hamda ular sonining ko‘payishi quvonarli xol albatta. Ushbu e'tibor yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, milliy kapital bozorini rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan o‘zgarishlar – liberalizatsiyaga va xalqaro hamjamiyat ishonchining ortib borishiga sharoit yaratmoqda. Shuningdek, Agentlik moliyaviy va konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi moliya bozorlarining barcha professional ishtirokchilarini faoliyatlarini litsenziyalashga jalb qilishda faol va prinsipial pozitsiyani egallaydi. Mazkur faoliyatlarni litsenziyasiz yuritish qonunchilikni qo‘pol ravishda buzish hisoblanib, javobgarlikka tortilishga va ularning obro‘siga putur yetishiga sabab bo‘lishi mumkin», – dedi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov.

Agentlik direktori «Deloyt» kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Erkin Ayupovga qimmatli qog‘ozlar bozorida konsalting xizmatlarini ko‘rsatish imkonini beruvchi litsenziyani topshirdi.

«O‘zbekistonda bozor infrastrukturasi rivojlanishi bilan qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Investitsiya maslahatchisi litsenziyasi bizning xalqaro ekspertlarimizga ushbu sohadagi professional bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashish imkoniyatini beradi. Biz doimo mijozlarimizga o‘z vaqtida va eng samarali qaror qabul qilishlarida yordam beruvchi strategiya va instrumentlar haqida atroflicha ma'lumot berib boramiz. Aminmizki, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va 
«Deloyt» hamkorligidagi sa'y-harakatlar mamlakatimizdagi investitsion muhitning rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi” – dedi «Deloyt»ning O‘zbekistondagi rahbari Erkin Ayupov.

Ma'lumot uchun: «Deloyt» 150dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritib, 312 mingdan ziyod mutaxassislarni birlashtirgan audit-konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi dunyodagi eng yirik tashkilot hisoblanadi. 

Top