07:59 / 12.08.2020
3354
O‘zbekiston «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti majlisida yangi taklif bilan chiqdi

O‘zbekiston tomoni epidemiologik xavfsizlikni ta'minlash va transchegaraviy epidemiyalarga qarshi birgalikda kurashish masalalari bo‘yicha Hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilishni taklif qildi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

2020 yil 11 avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov videokonferensiya shaklida «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti tashqi siyosat idoralari rahbarlarining navbatdan tashqari majlisida ishtirok etdi.

Tadbirda, shuningdek, Yaponiya tashqi ishlar vaziri Toshimitsu Motegi, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin va Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov qatnashdi.

Videokonferensiya chog‘ida koronavirus infeksiyasiga qarshi birgalikda kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etish masalalari, hozirgi pandemiya sharoitida hamkorlikni mustahkamlash va yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar xavfli infeksiyalarga tashxis qo‘yish, davolash va ularning oldini olish borasida ma'lumot, tajriba va uslublar almashish hamda epidemiologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar bilan bo‘lishish uchun Muloqot ishtirokchi davlatlari mutasaddi idoralari o‘rtasidagi hamkorlikning ko‘p tomonlama mexanizmini tashkil etishning muhimligini qayd etdilar.

Tibbiyot kadrlarini tayyorlash borasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika va dori vositalarini ishlab chiqarish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi.

Hamkorlikning yuqori dinamikasini va Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta'minlash uchun tegishli choralarni qabul qilishning zarurligi e'tirof etildi. Xususan, oziq-ovqat taqchilligini yumshatish uchun qishloq xo‘jaligi sektorini qo‘llab-quvvatlash masalasiga e'tibor qaratildi.

O‘zbekiston tomoni Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasida epidemiologik xavfsizlikni ta'minlash va transchegaraviy epidemiyalarga qarshi birgalikda kurashish masalalari bo‘yicha Hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilishni taklif qildi, deyiladi TIV xabarida.

Top