23:28 / 12.08.2020
3812
Toshkent davlat yuridik universitetida yangi o‘quv yili an'anaviy shaklda boshlanishi mumkin

Bu haqda universitet rektori Rahim Hakimov Xalqaro press-klub sessiyasida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: KUN.UZ

«Sentabr-oktabr oylarida epidemiologik vaziyat yumshasa, biz hech bo‘lmaganda yuqori kurslar uchun an'anaviy tarzda ham o‘quv yilini boshlashga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Bunda 1 xonada 15 nafardan ortiq bo‘lmagan talaba karantin qoidalariga rioya qilgan holda darslarda qatnashishi mumkin», – dedi Rahim Hakimov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston OTMlarida 2-kurs va undan yuqori bosqich talabalari uchun darslar 2 sentyabrdan masofaviy tarzda boshlanishi e'lon qilingan. 1-bosqich talabalari uchun darslar esa 1 oktyabrdan boshlanishi rejalashtirilgan. Oliy ta'limda darslar oktyabrdan oyidan boshlab qay tartibda tashkil etilishi bo‘yicha epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda qaror qabul qilinadi.

12 avgust kuni XPK sessiyasida qatnashgan Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov esa universitetda ijodiy imtihonlar o‘tkaziladigan yo‘nalishlar va imtihonlar haqida aytib o‘tdi.

«Ijodiy (kasbiy) imtihonlar kunduzgi va sirtqi ta'limdagi tasviriy san'at va muhandislik grafikasi, musiqa ta'limi, qozoq tilida ona tili va adabiyot, qozoq tilida boshlang‘ich ta'lim, jismoniy madaniyat, xotin-qizlar sporti hamda chaqiriqqacha harbiy ta'lim kabi yo‘nalishlarda davom etadi.

Chaqiriqqacha harbiy ta'lim hamda jismoniy tarbiya yo‘nalishida ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlar Mudofaa vazirligining sport kompleksida imtihon qilinadilar. Qolgan ijodiy yo‘nalishda imtihon topshiruvchilardan universitetning Chilonzor tumanidagi binosiga kelishlari talab etiladi», – dedi Alisher Umarov.

Top