14:15 / 12.08.2020
2717

«Yoshlarning harakatlari global muammolarni hal qilishda muhim rol o‘ynaydi» – BMT Bosh kotibi

«Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari» mavzusida o‘tkazilayotgan inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumining kirish qismida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Gutterishning murojaati taqdim etildi.

 

Murojaatni BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasining mintaqaviy vakili Ashita Mittal o‘qib eshittirdi.

«BMT mamlakatlar hukumatlarining yoshlar bo‘yicha olib borayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday siyosat yoshlarga ijtimoiy va siyosiy qarorlar qabul qilinishida mustaqil ishtirok etish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi strategiyani belgilashda qatnashish huquqini beruvchi yuksak imkoniyatdir.

Yoshlarning harakatlari eng asosiy global muammolarni, xususan, pandemiya negizidagi inqiroz, inson huquqlari, turli konfliktlarni hal qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi dunyoning kelajagi ko‘p jihatdan COVID-19 inqirozidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Qayd etish kerakki, pandemiya dunyoda 90 foizdan ortiq talabalarning ta'limiga o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. U ta'limda bungacha ham mavjud bo‘lgan tengsizlikni yanada chuqurlashtirdi, bu sohada inqirozni paydo qildi. Ta'lim pandemiyaning qurboniga aylandi.

Shu ma'noda butun dunyo yoshlarning huquqlarini himoya qilish, ularga imkoniyatlar berish yo‘lida birlashishi lozim», deyiladi Bosh kotibning murojaatida.

Eslatib o‘tamiz, 12-13 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan Samarqand forumida BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiyasi loyihasi birinchi marta muhokama uchun taqdim qilinadi. Mazkur konvensiya loyihasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi taklifiga muvofiq tayyorlangan.

Top