18:57 / 13.08.2020
39172
Belarusdagi namoyishlarda yangi taktika qo‘llanmoqda – «birdamlik zanjiri»

Minsk va Belarusning boshqa shaharlarida odamlar qatorasiga beshinchi kun namoyish o‘tkazmoqda. Dastlabki uch kechadagi namoyishlar kuchishlatar tuzilmalar tomonidan shafqatsizlik bilan bostirilgach, shifoxonalarga 200dan ortiq kishi yotqizilgan, 7 mingga yaqin kishi hibsga olingan.

Foto: AR/TASS

12 avgust kunidan namoyishlar yangi shaklga o‘tdi - asosan oq kiyingan ayollar avvalgi kunlarda politsiyadan jabr chekkan namoyishchilar bilan birdamlikni namoyish etish uchun ko‘chalarda gullar tutgan holda jonli zanjirlar hosil qilishdi. Bugun ham tongdan shunday «birdamlik zanjirlari» Minskning turli hududlarida paydo bo‘la boshladi.

Ular qarsak chalishmoqda va «Ket», «Belarus yashasin», «Biz tinchlikparvar odamlarmiz» deb hayqirishmoqda.

Ayollar ham qo‘lga olinmoqda
Chorshanba kuni gul ko‘targan ayollar shu kunlarda politsiyachilar tomonidan kuch ishlatilishi oqibatida namoyishchilardan biri halok bo‘lgan prospekt yoqasida tizilishdi va namoyishlar vaqtida qo‘lga olinganlarni qo‘yib yuborishni talab qilishdi. Qo‘lga olinganlarning qarindoshlari tergov izolyatorlari atrofida namoyish uyushtirishdi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Shuningdek, seshanba kuni namoyishchilar va huquq-tartibot organlari xodimlari o‘rtasida jiddiy to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan Pushkinskaya metro bekati yaqiniga ham odamlar kelishdi. 

Bunday tinch namoyishlar mamlakatning boshqa shaharlariga ham yoyilgan. Mahalliy nashrlar xabarlariga ko‘ra, Smolevichi, Mogilyov va Vitebskda politsiya namoyishga chiqqan ayollarning bir qanchasini qo‘lga olgan.

Ish tashlashlar
Maxsus xizmatlar xodimlari namoyishlarning bostirilishiga norozilik sifatida formalarini tashlab yubormoqda.

Foto: Instagram

Ijtimoiy tarmoqlarda Belarus kuchishlatar tuzilmalarining sobiq va hozirgi xodimlari ro‘y berayotgan hodisalarga norozilik sifatida fleshmob boshlab yuborishdi. Ular hamkasblarining namoyishlarni bostirishdagi xatti-harakatlariga javoban o‘z formalarini chiqindi qutilariga uloqtirishdi.

«Men hozirda odamlarni urib, mayib qilayotgan qo‘shinlarda xizmat qilganimdan juda ham uyatdaman», deydi harbiylardan biri.

Internetda ko‘plab harbiylar videomurojaatlar joylagan.

«Qayerda xizmat qilganim bilan faxrlana olmayman, formani kiyish yoki uyda ham saqlay olmayman», deydi yana ulardan biri.

12 avgust kuni davlat telekanallari xodimlari mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarga norozilik sifatida ishdan bo‘shamoqda. Ulardan biri tongi efirda jilmayib chiqishga xijolat bo‘layotganini gapirgan.

Militsiya vakillari orasida ham shu sabab bilan ishdan keta boshlashdi. Xususan, Gomeldagi uchastka noziri Ivan Kolos mamlakatni tark etgan. U avvalroq videomurojaat qilib, hamkasblarini zo‘ravonlikni bas qilishga chaqirgandi. U ichki ishlar organlari safidan ketmasligi, ammo jinoiy buyruqlarni ham bajarmasligini aytgandi. U mamlakatdan chiqib ketishiga qo‘lga olinish xavfi mavjudligi sabab sifatida keltirilmoqda. Avvalroq xuddi u kabi videomurojaat qilib, militsiyadan bo‘shaganini aytgan, novopolotsklik boshqa bir xodim Yegor Yemelyanov qo‘lga olingandi.

Belarus prezidenti administratsiyasi xodimi ham ishdan bo‘shash uchun ariza yozdi.

Shuningdek, mamlakatdagi yirik korxonalar ishchilari ish tashlashmoqda. Ular zo‘ravonlikni to‘xtatish va ovozlarni qayta hisoblashni talab qilishmoqda.

Foto: EPA/Vostock-photo

13 avgust kuni butun Belarus bo‘ylab korxonalar, zavodlar, shifoxonalar va madaniyat markazlarida namoyishlar va ish tashlashlar to‘lqini boshlandi.

Dastlab «Grodnojilstroy» ishchilari ish tashlagan. Ishchilar hukumatni harakatsizlikda va OMON xodimlarini asossiz kuch ishlatishda ayblamoqda. «Odamlar birinchi bo‘lib GAI yoki OMONga hujum qilgani ko‘rsatilgan birorta video ko‘rsatingchi!», deyiladi videolardan birida.

«Belmedpreparaty» xodimlari ham zabastovka qilgan. «Grodno-Azot» ishchilari kasaba uyushmasiga yig‘ilib, ovozlar to‘g‘ri hisoblanishini istashlarini bildirishgan. «Minskiy avtomobilnyy zavod» (MAZ) ishchilari ham umummilliy ish tashlashlarga qo‘shilgan.

Belarus avtomobil zavodi va «Belkard» (barcha turdagi avtomobillarga ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchi korxona) ishchilari ham korxona hududida to‘planib, rahbariyatga talab qo‘yishgan, unga ko‘ra, rahbariyat mahalliy hukumat organlari va IIVga murojaat qilib, shafqatsizlikni va asossiz qo‘lga olishlarni bas qilishni so‘rashi kerak.

Shifokorlar ham aksiya uyushtirishmoqda: Grodnodagi №1 stomatologiya klinikasi xodimlari, RNPs Kardiologiya, Minsk 4-shifoxonasi, 6-shifoxona xodimlari ko‘chalarga chiqishgan.

Milliy san'at muzeyi xodimlari va «Belgosfilarmoniya» xodimlari ham tinch namoyish uyushtirgan.

Aleksiyevich: «Hukumat o‘z xalqiga urush e'lon qildi»

Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Aleksiyevich Lukashenkoni o‘z ixtiyori bilan vakolatini topshirishga chaqirdi.

«Menimcha, hukumat o‘z xalqiga urush ochdi. Men ko‘z o‘ngimizda xalqimiz radikallashganiga guvoh bo‘lmoqdaman. Hech birimiz OMON o‘zini bunday tutishini tasavvur qila olmasdik», - degan Aleksiyevich «Radio Svoboda»ning Belarus xizmatiga bergan intervyusida.

Yozuvchi Tixanovskaya saylovda g‘olib chiqqaniga shubha qilmasligini bildirgan. U so‘nggi kunlarda o‘z xalqini yanada ko‘proq sevib qolganini ta'kidlagan.

«Hali kech bo‘lmasidan, fuqarolik urushi boshlanmasidan ket. Ket. Hech kimga Maydan kerak emas, hech kimga qon to‘kilishi kerak emas. Sen faqat hokimiyatni istaysan. Bu istaging qon talab qiladi», deya Aleksandr Lukashenkoga yuzlangan yozuvchi.

Lukashenko namoyishlar haqida
Aleksandr Lukashenko chorshanba kuni xavfsizlik masalalari bo‘yicha yig‘ilish chaqirdi. U namoyishchilarning aksarini bekorchilar deb atadi.

«Namoyishchilar deb atalayotganlarning barchasi jinoiy o‘tmishi bor bo‘lgan odamlar va bugungi kunda ishsiz bo‘lganlardir. Yaxshilikcha aytaman: ularni ish bilan ta'minlang.

Vaziyatdan ko‘rinib turibdiki, rasmiylar, xususan, xavfsizlik kengashi qarshisida turgan eng birinchi vazifa - fuqarolarimiz xavfsizligini ta'minlash, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, davlat organlari faoliyati davom etishini ta'minlashdir», degan Lukashenko.

U ishlashni istaydiganlarning barchasi ishga joylashishi va munosib maoshga ega bo‘lishi zarurligini ta'kidlagan.

Foto: Reuters

YeI va AQSh sanksiyalari tahdid solmoqda

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevropa Ittifoqi Belarus bilan munosabatlarini qaytadan ko‘rib chiqishi kerakligini va norozilik namoyishlari qatnashchilariga nisbatan zo‘ravonliklarga aloqador bo‘lgan rahbarlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llashi mumkinligini ma'lum qildi. 

Borrelning ta'kidlashicha, YeI Belarusdagi prezidentlik saylovlarini «erkin emas va adolatsiz» deb hisoblaydi. Shuningdek, u Belarus hukumati oldiga norozilik namoyishlari paytida hibsga olinganlarning barchasini ozod qilishni talab qilgan.

AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Belarusdagi siyosiy vaziyat sababli mamlakatga qarshi sanksiyalar qo‘llanilishi, shuningdek, neft yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yishi mumkinligini aytdi. U ham bo‘lib o‘tgan saylovlarni adolatsiz deb atagan.
 

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top