23:26 / 13.08.2020
17181

Gamaleya markazida Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi tanqid qilinayotgani sababi tushuntirildi

Rossiyaning koronavirusga qarshi birinchi vaksinasi tanqid qilinayotgani bozordagi raqobat bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin. Bunday fikrni vaksinani ishlab chiqishda ishtirok etgan N.Gamaleya nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya tadqiqot markazi rahbari Aleksandr Ginsburg bildirdi.    

Foto: N.Gamaleya nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya tadqiqot markazi

“O‘ylab ko‘ring, agar Rossiya vaksinasi tufayli muayyan odamlar, muayyan firmalar ko‘plab milliard dollardan mahrum bo‘lsa, qanday munosabatni ko‘rgan bo‘lardingiz? Hali bo‘sh bo‘lgan, o‘nlab yillar oldinga har bir ampula, har bir flakon taqsimlab bo‘lingan ushbu bozorda hozirda G‘arbiy Yevropa va AQSh bozorida paydo bo‘ladigan mahsulotga nisbatan katta ehtimol bilan ancha yaxshiroq bo‘lgan qo‘shimcha ampula va flakonlar paydo bo‘lishini hech kim kutmagan”, db aytgan Ginsburg “Rossiya 1” telekanali efirida.      

U Rossiya vaksinasi mutlaq xavfsiz ekani va Rossiyadagi barcha qonunlarga rioya qilingan holda ro‘yxatdan o‘tkazilganini navbatdagi marta takrorlab o‘tgan.

“Bu aniq pullar uchun kurashdir. Boshqacha munosabat bo‘lishi ham mumkin emasdi. Jiddiy raqobatchi mahsulotni olqishlar bilan kutib olishadi, deb o‘ylash soddalik bo‘lardi”, deb qo‘shimcha qilgan mutaxassis.  

Ginsburgning ta'kidlashicha, vaksinaning himoyalovchi xususiyatlari u kiritilgandan keyin kamida ikki yil saqlanib qoladi. Bundan tashqari, qonning rezus-faktori vaksina bilan emlash vaqtida ahamiyatga ega bo‘lmaydi.

11 avgustda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyada dunyoda birinchi bo‘lib koronavirusga qarshi vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilganini e'lon qildi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, “Sputnik V” deb nomlangan vaksinaning klinik sinovlari vaqtida barcha ko‘ngillilarda koronavirusga qarshi antitanalar hosil bo‘lgan, ularning hech birida jiddiy asoratlar kuzatilmagan. 

Vaksina sinovining 3-bosqichi 12 avgustdan boshlandi. Vaksina mushak ostiga kiritish uchun mo‘ljallangan suyuq holatda bo‘ladi. U bilan 2 bosqichda emlash rejalashtirilgan: emlash dastlab komponent I bilan, 3 hafta o‘tgach esa komponent II bilan o‘tkaziladi.

Biroq bir qator g‘arb davlatlarida Rossiyaning vaksinasi tanqid ostiga olindi. Jumladan, Germaniyada vaksinaning sifati, samaradorligi va bezararligi  haqida ma'lumotlar yo‘qligi va u sinovlarning 3-bosqichidan o‘tkazilmagani aytilgan. AQShda esa vaksina juda kam sinalgani va AQShda ishlab chiqilayotgan vaksinalardan ortda qolayotgani ta'kidlangan.

Top