21:28 / 13.08.2020
7853
Isroil va BAA munosabatlarning yaxshilanishi haqida kelishib olishdi

Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari barcha sohalardagi munosabatlarning yaxshilanishi haqida kelishib olishdi.

Foto: REUTERS/Kevin Lamarque

Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z «Twitter» sahifasida e'lon qildi.

«Prezident Donald Tramp, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Abu-Dabi valiahd shahzodasi, BAA bosh qo‘mondoni o‘rinbosari, shayx Muhammad bin Zayd bugun suhbatlashib, Isroil va BAA o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi haqida kelishib olishdi», - deyiladi bayonotda.

Shuningdek, tomonlar Isroil-Falastin ziddiyatini tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlash bo‘yicha ham kelishuvga erishgan.

«Tomonlar Isroil-Falastin ziddiyatini hal qilish uchun adolatli, to‘laqonli va mustahkam yechimni topish yo‘lidagi harakatlarini davom ettirishadi», - deyiladi bayonotda.

Bu 1994 yildan beri Isroil bilan arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi bo‘yicha birinchi holat - o‘shanda Iordaniya aloqalarni yo‘lga qo‘ygan edi. «Bugun katta ish ro‘y berdi! Ikki buyuk do‘stimiz, Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida tarixiy tinchlik shartnomasi!» - deb yozdi prezident Tramp Twitter'da.

Hujjatga ko‘ra, yaqin kunlarda ikki mamlakat delegatsiyalari xavfsizlik va iqtisodiyotdan tortib turizmgacha bo‘lgan turli sohalarda ikki tomonlama bitimlarni imzolash uchun uchrashadilar.

Ta'kidlanishicha, uch mamlakat mintaqadagi xavfsizlikka tahdid borasida bir xil fikrda. Qo‘shma hujjat Binyamin Netanyaxu va Muhammad bin Zayd tomonidan prezident Trampga «mintaqada tinchlik» tarafdori bo‘lgani hamda ushbu maqsadga erishishda «pragmatik va o‘ziga xos» yondashuv uchun minnatdorchilik izhorlari bilan yakunlanadi. Isroil prezidenti Reuven Rivlin valiahd shahzodani Al-Qudsga tashrif buyurishga taklif qildi.

Endi yaqin orada har ikkala mamlakat investitsiya, turizm, aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, xavfsizlik, telekommunikatsiya, texnologiyalar, energetika, sog‘liqni saqlash, madaniyat, atrof muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalardagi hamkorlik bo‘yicha bir qator kelishuvlarni imzolashadi. Bundan tashqari, har ikkala mamlakatda elchixonalar ochiladi.

Qayd qilish joizki, BAA shu paytgacha Isroil davlatini  tan olmasdan kelayotgan edi. Shu tufayli, har ikkala mamlakat o‘rtasida diplomatik va iqtisodiy munosabatlar bo‘lmagan. 

So‘nggi vaqtlarda Eronning yadro dasturi va huddudagi ta'sirining kuchayishiga qilinayotgan qarshilik BAA va Isroilni bir-biriga yaqinlashtirdi, munosabatlarini biroz yumshatdi. Natijada, hamkorlik va aloqalar norasmiy bo‘lsa-da, yo‘lga qo‘yila boshlagan edi.

Top