08:30 / 13.08.2020
5589

Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi reglamentlar e'lon qilindi

Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi ma'muriy reglamentlar tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi ma'muriy reglamentlarni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, “Notariat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasiga muvofiq notariuslarning notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yiladi.

Quyidagilar:

Notariuslar tomonidan ko‘chmas mulklarni boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlashning ma'muriy reglamenti;

Notariuslar tomonidan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlashning ma'muriy reglamenti;

Notariuslar tomonidan mol-mulkni garovga (ipotekaga) qo‘yish to‘g‘risidagi shartnomalarni tasdiqlashning ma'muriy reglamenti;

Notariuslar tomonidan ishonchnomalarni tasdiqlashning ma'muriy reglamenti;

Notariuslar tomonidan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomalar berishning ma'muriy reglamenti tasdiqlanadi.

Notariuslar tomonidan ko‘chmas mulklarni boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlashning ma'muriy reglamentiga ko‘ra, notarius tomonidan bitim notarial idora binosida yoki murojaat qiluvchilarning talabiga ko‘ra sayyor tartibda rasmiylashtiriladi.

Bitim notarial idora binosidan tashqarida rasmiylashtirilgan taqdirda, hujjatning tasdiqlovchi yozuvida bitim rasmiylashtirilgan joyning manzili ko‘rsatiladi va bitimni rasmiylashtirish hamda imzolash jarayoni majburiy audio va videoga qayd etiladi.

“Notariat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasida notarial harakatlar davlat tilida amalga oshiriladi. Rasmiylashtirilgan hujjat matni fuqarolarning talabiga binoan notarius tomonidan rus tilida yoki imkon bo‘lsa, boshqa maqbul tilda beriladi.

Agar bitim murojaat qilgan shaxs tushunmagan yoki yaxshi bilmagan tilda bajarilsa, unda hujjat matni notarius yoki murojaat qilgan shaxs taklif etgan tarjimon tomonidan og‘zaki tarjima qilinishi mumkin. Bu haqda hujjat matnida va tasdiqlovchi yozuvida kim tomonidan tarjima qilinganligi, shaxsini tasdiqlaydigan hujjatning nomi, uning raqami, berilgan sanasi va shu hujjatni bergan organning nomi hamda matn mazmuni tushuntirilganligi ko‘rsatilishi kerak. Bunday holda murojaat qilgan shaxs o‘zi biladigan tilda ismi, familiyasi, otasining ismini to‘liq yozib, imzo qo‘yadi.

Bitimni tasdiqlash Reglamentga ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.

Murojaat qiluvchi bitimni rasmiylashtirish uchun notarial idoraga o‘zi kelib murojaat qiladi yoki notarius xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud “E-notarius.uz” axborot portali orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Notarius “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kelib tushgan elektron murojaatlarni ko‘rib chiqishi va belgilangan muddatda murojaat qilgan shaxslarni qabul qilishi shart.

Murojaat qiluvchi elektron tarmoq orqali notarius qabuliga navbatga yozilishni, shuningdek bitim rasmiylashtirilishi uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlarni jo‘natgan holda tegishli bitim loyihasining oldindan tayyorlab qo‘yilishini so‘rab murojaat qilishi mumkin.

Murojaat qiluvchining elektron tarmoq orqali notarius qabuliga yozilish bo‘yicha yo‘llangan murojaatlari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini navbatma-navbat qayd qilish elektron daftariga avtomatik tarzda qayd qilinadi.

Murojaat qiluvchining elektron tarmoq orqali bitim rasmiylashtirilishi uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlarni oldindan jo‘natgan holda, tegishli hujjatlarning tayyorlab qo‘yilishi bo‘yicha yo‘llangan murojaatlari ularning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

Murojaat bo‘yicha bitim loyihasi notarius tomonidan belgilangan vaqtda oldindan tayyorlab qo‘yiladi.

Quyidagi hollarda bitim rasmiylashtirilishi uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlarni oldindan jo‘natgan holda, tegishli hujjatlarning tayyorlab qo‘yilishi bo‘yicha elektron tarmoq orqali yo‘llangan murojaatlarni ko‘rib chiqish rad etiladi:

  • notarial harakat rasmiylashtirilishi uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlar to‘g‘ri va to‘liq taqdim etilmagan bo‘lsa;
  • tegishli notarial harakat bo‘yicha mol-mulkka nisbatan taqiq (xatlov) mavjud bo‘lsa;
  • soliq yoki kommunal xizmatlardan yohud O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi ma'lumotlar bazasi orqali qarzdorlik holati tekshirilishi lozim bo‘lgan hollarda qarzdorlik aniqlangan bo‘lsa;
  • manfaatdor shaxslarning arizalariga asosan notarial harakatlarni amalga oshirish kechiktirib yoki to‘xtatib turilgan bo‘lsa.
Top