19:47 / 13.08.2020
17594
Test sinovlari uchun abituriyentlarga 3 soat vaqt belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining 2-son bayoni tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, bakalavriatga qabuldagi test sinovlarida har 30ta test topshirig‘ini yechish uchun (javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga) 90 daqiqa vaqt, 60 ta test topshirig‘iga jami 180 daqiqa vaqt ajratiladi.

Shuningdek, Davlat test markazi xabariga ko‘ra, komissiya qarori bilan chet tilidan ko‘p balli tizim bo‘yicha imtihonlar o‘rniga test sinovlari o‘tkaziladi.

«Pandemiya sharoitida abituriyentlar sog‘lig‘iga xavf-xatarning oldini olish hamda ularga qulay sharoit yaratish maqsadida, 2020/21 o‘quv yili qabulida istisno tariqasida respublikadagi barcha davlat OTMlariga o‘qishga qabul qilishda ingliz, nemis va fransuz tillari kabi boshqa chet tillaridan ham ko‘p balli tizim bo‘yicha imtihonlar o‘rniga test sinovlari o‘tkaziladi», – deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, IELTS Indicator istisno tariqasida tan olinadigan bo‘ldi.

«Pandemiya sharoitida chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovlari o‘tkazilmaganligini inobatga olib, 2020-2021-o‘quv yili qabuli uchun oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda IELTS Indicator B2 va undan yuqori darajasiga ega abituriyentlarga istisno tariqasida chet tili fanidan maksimal ball beriladi», – deya qayd etilgan Davlat qabul komissiyasi bayonida.

Mavzu
Abituriyent-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top