19:39 / 13.08.2020
12965

Tramp Rossiyani G7'ga qaytarish haqida jiddiy o‘ylamoqda

Foto: Getty Images

Trapm G7 – sanoatda yetakchi millatlar guruhi tarkibiga Rossiyani taklif qilish haqida jiddiy o‘ylamoqda. Bu haqda Associated Press xabar qilmoqda. Qrimdagi voqealardan keyin Rossiya G7 tarkibidan chiqarib yuborilgan edi.

Tramp noyabrda o‘tadigan AQSh prezidentlik saylovlaridan keyin yettilik bilan sammit o‘tkazishni rejalashtirayotganini aytgandi. U bu yig‘ilishda Rossiyani ham taklif qilmoqchi.

«Saylovdan keyin ko‘p ishlarni amalga oshirishni xohlayman. Uchrashuvlar onlayn tarzda o‘tkazish va videokonferensiyalardan foydalanishda davom etmoqchiman», degan edi Tramp Oq uydagi brifing davomida.

Iyun oyida Yevropa Ittifoqi davlatlari G-7'ning boshqa a'zolari kabi Rossiyaning guruhga qaytishiga qarshi ekanliklarini bildirgandi. Yaqinda Germaniya tashqi ishlar vaziri Hayko Maas mamlakat Rossiyaning «katta yettilik» safiga kirishiga qarshi ekanini aytgandi.

Rossiya 2014 yil Ukraina va Qrimga nisbatan harbiy harakatlar sabab G8 tarkibidan chiqarib yuborilgan. O‘shanda dunyo jamoatchiligi Qrim istilo qilingan deb topgandi.

AQSh prezidenti yangi sammitda Rosssiya bilan bir qatorda Janubiy Koreya, Avstraliya va Hindistonni ham takilif qilishi mumkin. U «Putinni ham sammitga taklif qildingizmi?», degan savolga «Barcha qatori uni ham taklif qildim», deb javob berdi.

G7 rasmiy tashkilot emas, uning shtab-kvartirasi ham yo‘q. Unga Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya hamda AQSh kabi davlatlar kiradi. G7 cammitlarida odatda Yevropa Ittifoqining 27 a'zosi ham ishtirok etadi.

G7 OAVda «katta yettilik» deb xato talqin qilinadi. Bunga sabab G7 «Great seven» deb ifodalanishi, aslida esa G7'ning ma'nosi «Group seven», ya'ni yettilik guruhi. U tashkilot ham emas va rasmiy qarorlar qabul qilmaydi. Yig‘ilish qabul qilgan qarorlar rasmiy hisoblanmaydi. G7 doirasida mamlakatlar global mavzularni muhokama qilishadi.

Top