08:36 / 14.08.2020
5124
JSSTda koronavirusga qarshi dori va vaksinalar uchun kamida 100 milliard dollar kerakligi aytildi 

Koronavirusga qarshi vositalar, asosan vaksina ishlab chiqilishiga kamida 100 mlrd dollar investitsiya talab etiladi. Bu haqda JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus brifingda aytib o‘tdi. Uning ta'kidlashicha, pandemiyaga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlarini oshirish uchun ko‘p miqdorda turli vaksinalar kerak bo‘ladi.

“Vaksinalar ishlab chiqilishi uzoq davom etadigan, murakkab, xatarli va qimmat jarayondir. Ayni vaqtda aksariyat vaksinalar ishlab chiqilishining erta bosqichida hisoblanadi. Dunyo yechimga erishishda maksimal imkoniyatga ega bo‘lish uchun turli turdagi ko‘plab nomzod vaksinalarga muhtoj”, deb aytgan JSST rahbari.  

Gebreyyesusning ta'kidlashicha, bu vaksinalar yaratilganda, unga talab taklifdan ko‘proqni tashkil qilishi muqarrar. Vaksina yetkazishdagi kim o‘zarlik esa o‘z ortidan narxlarning kuchli oshishiga olib kelishi bilan xavf soladi. Shu sababli JSST rahbari dunyo hamjamiyatini sayyoramiz aholisini vaksinalar bilan ta'minlashda birdamlikka chaqirdi. 

Gebreyyesusning ta'kidlashicha, Xalqaro valuta jamg‘armasining baholashicha, pandemiya global iqtisodiyotga har oy 375 mlrd dollarga tushmoqda, ikki yil davomida global iqtisodiyotning umumiy yo‘qotishlari esa 12 trln dollardan oshadi. Uning aytishicha, “Katta yigirmatalik” davlatlari pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish uchun “10 trln dollar safarbar qilgan”. Shu tariqa, dunyo pandemiyaning qisqa muddatli oqibatlariga qarshi kurashga trillionlab dollar sarflab bo‘ldi. Gebreyyesusning ta'kidlashicha, bu global moliyaviy inqirozni yengib o‘tish uchun talab qilingan xarajatlardan 3,5 martadan ko‘proqni tashkil qiladi. 

“Koronavirusning keyingi to‘lqini oqibatlariga yana 10 trln dollar sarflashdan oldin dunyo yangi vositalar, ayniqsa yangi vaksinalarga 100 mlrd dollar sarflashi zarur”, deb ta'kidlab o‘tgan JSST rahbari. 

JSST bosh direktorining katta maslahatchisi Bryus Eylvord brifingda tashkilotda Rossiyada koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan vaksinani katta ko‘lamda qo‘llashga tavsiya qilish uchun u haqida yetarlicha ma'lumot yo‘qligini aytgan. “Biz bu mahsulotning maqomini aniqlash va u o‘tgan klinik sinovlar haqida qo‘shimcha ma'lumot olish uchun Rossiya bilan muhokamalar o‘tkazmoqdamiz”, deb ma'lum qilgan Eylvord.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top