15:14 / 14.08.2020
5347
Masofaviy ta'lim sifati yuzasidan 32ta OTMga qat'iy ogohlantirish yuborilgan – Ta'lim inspeksiyasi

Bugun, 14 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Shavkat Xo‘jaqulov tomonidan OTMlarda tashkil etilgan masofaviy ta'lim shakli yuzasidan olib borilgan monitoring natijalari haqida ma'lumot berildi.

Shavkat Xo‘jaqulovning aytishicha, masofaviy ta'limdagi mavjud kamchiliklarni aniqlash maqsadida anonim shaklda o‘tkazilgan onlayn so‘rovnomalarda 77 ming 513 nafar talaba qatnashgan.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 30 foiz talaba masofaviy o‘qitishdan qoniqqan bo‘lsa, 9 foizi o‘qitish sifatining pastligi, 33 foizi muloqot yetarli emasligi, 18 foizi berilayotgan ma'lumotlar fanlarni to‘liq o‘zlashtirish uchun yetarli emasligi, 2 foizi internetdan foydalanish imkoniyati yo‘qligini bildirgan.

«Mazkur masala yuzasidan 32ta oliy ta'lim muassasasiga qat'iy ogohlantirish yuborilgan. O‘rganishlar davomida masofaviy ta'limni yo‘lga qo‘yishda fanlar xususiyatlari yetarlicha inobatga olinmagani, kontent sifatining pastligi, optimallashtirilgan dars jadvallari ishlab chiqilmagani yoki ishlab chiqilgan bo‘lsa ham, platformaga joylashtirilmagani, tizimda o‘qitishni amalga oshirish bo‘yicha yo‘riqnomalar mavjud emasligi kabi holatlar kuzatilgan.

Shuningdek, ayrim hududlarda internet tezligi pastligi va elektr energiyasi ta'minotining tez-tez uzilishi, muassasalardagi server quvvati pastligi bois platformalarga yuklangan materiallardan samarali foydalanishda qiyinchiliklar yuzaga kelgan»,deya ma'lumot berdi inspeksiya rasmiysi.

Top