11:47 / 14.08.2020
63425
«Ortiq ekranlarda kulib tura olmaymiz» – Belarus davlat telekanallaridan yoppasiga ishdan ketishmoqda

Belarus davlat telekanallarida faoliyat yuritgan ko‘plab jurnalistlar ishdan ketishmoqda. Mashhur jurnalistlar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida mamlakatda sodir bo‘layotgan namoyishlar fonida davlat telekanallaridan ishdan ketishgani haqida yozishmoqda.

AP/Copyright 2020 The Associated Press.

BT davlat telekanalining yetakchi muxbiri Aleksandr Luchonok ishdan ketganini aytib, ta'sirli post qoldirdi: «Ekranning narigi tomonida turganlar, men ortiq jim tura olmayman. Menimcha, TVda berilayotgan har qanday ma'lumot muharrir va ideologlar tomonidan bir necha marta o‘qilayotganidan xabardorsiz. Asosiy maqsad – mamlakatdagi «turg‘unlik holati»ni odamlardan yashirish. Har bir efir o‘ylangan qadam», degan jurnalist.

Aleksandr Luchonok (Foto: casper_estonia/instagram)

Luchonok namoyishchilarning fikrini bilishni taklif qilgan. Uning aytishicha, ko‘chada ko‘pchilik bir xil fikrda: «Namoyishchilar orasida «qo‘g‘irchoqlar» bormi? Buni bilish uchun ko‘chaga chiqib, odamlarga savol bering. Ular deyarli bir xil gapni aytishadi. Shaxsan men qiziqib ko‘rdim. Hammasida G‘arbni ayblash esa mag‘lubiyatni tan olishdan boshqa narsa emas».

BT jurnalisti o‘tgan yil Ukrainadagi saylovlarni eslab, mamlakatdagi holatni qo‘shni davlatdagi vaziyat bilan solishtirgan: «Keling, o‘tgan yil bahorda Ukrainada bo‘lgan saylovlarni eslaylik. Unda hozirgi prezident Vladimir Zelenskiy g‘alaba qozondi va mamlakatda haqiqiy bayram bo‘lgandi. Bizda ham hozir davlat nashrlarida xuddi shunday yozishmoqda. Unda nega «milliy bayramni nishonlayotgan» xalqning bayramini buzyapsiz?

Odamlarni aldashni bas qilinglar. Jamiyat o‘sdi, jamiyat savodli bo‘ldi. Yaltoqlanayotgan jurnalistlar, so‘lagingizni arting-da, tishingizning oqini ko‘rsatib, akillashda davom etavering. Ammo Xatiko haqida voqeani unutmang. Hech birimiz abadiy emasmiz, siz yangi xo‘jayin topishingizga ishonish qiyin», deb yozgan BT telekanali muxbiri.

Davlat propagandasi bilan shug‘ullanuvchi «Belarus 1» telekanalining yana bir jurnalisti Yevgeniy Perlin birinchilardan bo‘lib ishdan ketganini ma'lum qilgandi: «Mening mamlakatimda shunchaki *****!!! sodir bo‘lmoqda. Etika bo‘yicha ekspert bo‘laturib shuni aytyapman! Belaruslar, sabrli bo‘ling. Siz baxtli bo‘lishga va tirik qolishga haqlisiz. Harbiylar, bas qiling!», deb yozgan u Instagramdagi sahifasida.

Yevgeniy Perlin  Foto Instagram

«BelTA» (Belarus telegraf agentligi) jurnalisti Pavel Gorbach ham ortiq ishlay olmasligini aytib, ishdan ketganini ma'lum qilgan: «Kecha ketishga qaror qildim. Afsuski, kecha dam olish kuni edi va Perlin kabi hamkasblarim meni bu borada ortda qoldirishdi. Meni ishdan ketishlar to‘lqiniga qo‘shildi deb hisoblashingiz mumkin. Mana, uyga ketyapman, mashinalar to‘xtab turibdi, signal berishyapti. Bu bilan shug‘ullanish jonga tegdi. Men harbiylar bilan shug‘ullanardim (ya'ni, harbiylar mavzusida yozgan). Ular rezinali bo‘lsa-da, o‘qlardan foydalanishganda, ovozli granatalar portlatilganda, bu qarorga kelib bo‘lgandim. Chunki bunday bo‘lishi mumkin emas. Agentlik esa doimgidek ishlashda davom etmoqda. «Hammasi rejadagiday» davom etmoqda», deb jurnalistning so‘zlarini keltirgan Tut.by sayti.

Yana bir davlat telekanali hisoblangan «Belarus 1»ning «Arsenal» harbiy ko‘rsatuvi boshlovchisi Vladimir Burko ham ishdan ketganini e'lon qildi: «Men ko‘rsatuvlarimda gapirgan harbiylar va texnikalar qachondir o‘z xalqimizga qarshi ishlatilishini tasavvur qilmagandim. Hatto eng qo‘rqinchli tushlarimda ham. Axir hech kim urushni xohlamayapti. Namoyishlar tinch o‘tmoqda va tinch o‘tishda davom etadi. Odamlar ularni aldamaslikni xohlamoqda, odamlar erkinlik xohlamoqda», degan o‘zining ta'biri bilan aytganda, 5 yil davomida Belarus Mudofaa vazirligining yuzi bo‘lgan harbiy jurnalist.

«Belarus 1» telekanalidagi «Katta shahardagi bir kun» dasturi boshlovchisi Olga Belmach o‘z sahifasida ishdan ketgani haqida arizasining suratini joylagan. «Biz ko‘p emasmiz, lekin bormiz», deb yozgan boshlovchi. Uning aytishicha, hozirda ishsiz va hech qayerga ketmagan.

Telekanalning tonggi shousi boshlovchisi Vera Karetnikova ham arizasini yozgan: «Bu mening tanlovim. Kasbimga va hayotga muhabbatim cheksiz ekanini aytgan holda bugun oxirgi ish kunim ekanini ma'lum qilmoqchiman. Tez orada hammasi yaxshi bo‘ladi, deb yozdim va shunday bo‘ladi ham. Men – Veraman», deb o‘quvchilariga murojaat qilgan Karetnikova.

«Teleyangiliklar agentligi» boshlovchisi Sergey Kozlovich ham ishdan bo‘shaganini ma'lum qildi: «O‘zim orzu qilgan bu ishga 10 yilimni bag‘ishladim. Videomontajdan boshlab, «Belarus 1» telekanalida jonli efirda chiqish bilan yakunlayapman. Kecha bu kursiga oxirgi marta o‘tirdim. Bu shaxsiy qarorim bo‘ldi. Endi ish qidiraman», deb yozgan taniqli boshlovchi.

Sergey Kozlovich. Foto Instagram

STV telekanali boshlovchisi Tatyana Borodkina feysbukda ta'sirli post qoldirdi. U bolalari bilan oshpazlik bo‘yicha shouni olib borayotgan edi: «Afsus! Endi men va bolalarim ortiq ekranlarda kulib tura olmaymiz. Mamlakatni «saylov» bilan tabriklayman. Bilmadim mening postimni qachon o‘qirkinsiz, axir internet qotib ishlayapti. Lekin ishoning, hozir, tanlov amalga oshirilganidan keyin ham qo‘rqmayapman. Do‘stlar, odamlar, siz ham qo‘rqmang. Bolalarimizni kelajagidan mahrum qilmaylik», deb yozgan u.

Lukashenko pulidagi jurnalistlardan biri, ONT telekanalidagi  «Antifeyk» dasturi boshlovchisi Dmitriy Semchenko ham ishdan bo‘shadi. Rafiqasi u ishdan ketganini tasdiqlagan. Hozirda telekanal rahbari uning arizasini qabul qilmagan. 

Dmitriy Semchenko (Foto: Dmitriy Semchenko / Vk)

«OMONning haddan tashqari shafqatsizligi ONTning barcha jurnalistlarini shokka tushirgan. Ularning qarindoshlari yoki do‘stlari namoyishlar vaqtida jabrlanishgan. Ko‘plab yigitlar bunday holatda ishlashdan bosh tortishdi. Kimdir kasalxonaga yotdi, kimdir muddatsiz ta'tilga chiqdi. Semchenkoning ketishi nafaqat jurnalistlarning davlat telekanallaridan ketish zanjirining davomi, balki yuqoridagilar uchun signal ham», — degan manba.

Yana ko‘plab davlat nashrlarida ishlayotgan jurnalistlar, ayniqsa hukumat propagandasida qatnashuvchi telekanal xodimlari ishdan bo‘shashmoqda. «Saylov kampaniyasi vaqtida repressiyaga qarshi chiqqan mashhur jurnalistlar davlat telekanallaridan ketkazilgandi. Ammo endi ularning o‘zlari ishdan ketishmoqda», deb yozadi bu haqda Euroradio.fm sayti. Jurnalistlar shu tariqa butun mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari va ish tashlashlarga xayrixoh ekanliklarini ko‘rsatishmoqda. Oldinroq mamlakatdagi ko‘plab korxona va tashkilotlarda ish tashlash va norozilik mitinglari o‘tkazilgani ma'lum bo‘lgandi.

9 avgust kuni Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Oltinchi marta o‘tkazilgan saylovlarda oldingi beshtasida bo‘lgani kabi mamlakatning mustaqillik davridagi yagona prezidenti Aleksandr Lukashenko g‘olib bo‘ldi. U rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra 80 foizdan ko‘proq ovoz oldi. Uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya esa 11 foizga yaqin ovoz to‘plagani ma'lum qilingan. Tixanovskaya saylovdan keyin natijalardan norozi bo‘lib, MSKga ariza berish uchun borgandi. U bir muddat g‘oyib bo‘lib qoldi va keyinroq u markaziy saylov komissiyasi binosida odamlarni ko‘chaga chiqmaslikka chorlab «g‘alati» murojaat qilgandi. Keyinchalik u Litvaga, bolalarining oldiga ketdi va yana bir murojaat yo‘lladi.

Mamlakatda 9 avgustdan buyon namoyishlar to‘xtamayapti. Odamlar tuni bilan mamlakatning turli burchaklarida namoyishlar o‘tkazishmoqda. Huquq-tartibot organlari vakillari va harbiylar esa odamlarni turli yo‘llar bilan to‘xtatishga urinishmoqda. Mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko namoyishchilar chet eldan turib boshqarilayotganini aytib, ularni qo‘ylar deb atagandi.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top