16:47 / 14.08.2020
32802

Rossiya, Ukraina va Qozog‘istonda tarqalgan dori haqidagi feyk-xabar O‘zbekistonda ham paydo bo‘ldi

«Kristina Somova» yoki «Kanipa Ospanova» ism-sharifli, aslida mavjud bo‘lmagan shaxs nomidan bir xil mazmundagi xabarlar avvaliga Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston kabi davlatlarda tarqaldi va shu kunlarda O‘zbekistonga ham yetib keldi.

Davlatlar milliy valutasi nomi o‘zgarganini aytmaganda, xabardagi mazmun o‘sha-o‘sha – o‘zini shu davlat «bosh farmatsevti o‘rinbosari» deb tanishtiruvchi Somova xonim (balki janob) shunday deydi:

«Tasavvur qilyapsizmi, ular (kimlar ekani aniq ko‘rsatilmagan) juda qimmat turuvchi «Arteriale» preparatini odamlarga bepul tarqatishmoqchi. Yana kimlarga deng, ishyoqmas tanballarga, pensionerlar va qashshoqlarga. Axir biz bu ajoyib preparatni Yevropaga eksport qilib katta pul ishlashimiz mumkin-ku. Qashshoqlar o‘zlarining dorilarini ichib yuraverishsin».

Yolg‘on va rostni ozgina farqlay oladigan inson bu xabar soxta ekanini darhol anglaydi. Ammo virus singari tarqaladigan bunday xabarlar aynan ko‘r-ko‘rona ishonuvchilarga va dorilarni shifokor tavsiyasiga ko‘ra emas, shov-shuvlarga asoslanib xarid qiladiganlarga mo‘ljallangan.

Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina kabi davlatlarda bu xabar soxtaligi allaqachon isbotlangan va uning ortida yotgan firibgarliklar haqida batafsil ma'lumotlar berilgan.

Aslida bu oddiygina soxta xabar emas, ortida qing‘ir yo‘l bilan dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar sotuvchilarning katta industriyasi yotadi. Ya'ni bunday xabarlar soxtami, to‘g‘rimi, farqi yo‘q, ijtimoiy tarmoqlar, turli kanallar orqali aylanib tursa, odamlar ongiga o‘sha dori haqida ma'lumot kirib tursa bas.

Dastlab uning nihoyatda samarador va qimmatligi, keyin maxsus aksiya doirasida juda arzon sotib olish imkoniyati borligi, nihoyat bu dorining yanada kuchliroq va arzonrog‘i chiqqani yaxshilab singdiriladi. Buning uchun allaqanday institutlar tadqiqotlari, nomdor professorlar tavsiyalariga oid ma'lumotlar qalashtirib tashlanadi. Oxir-oqibat xaridorga nafaqat samarasiz, balki ko‘p jihatdan xavfli bo‘lgan BFQ (BAD) sotib ketiladi.

Odatda bunday «aksiyalar» uzoq davom etmaydi. Chunki tez orada ularning yolg‘oni haqida hamma xabar topib bo‘ladi. Ammo o‘sha qisqa muddatning o‘zi yetarli. Firibgarlar shu oraliqda anchagina pullarni «uxlatib» ketishga ulgurishadi. Vaqt o‘tib, boshqa joyda, boshqa shaklda, boshqa dorilar bilan yangi «loyiha»larni hayotga tatbiq etaveradilar.

Umuman olganda, O‘zbekistonda bunday firibgarlik sxemalarini yuritish ham qiyin, ham oson. Qiyinligi – internet, elektron to‘lovlar yuqoridagi davlatlar kabi rivojlanmagan. Osonligi esa, odamlarimiz har qanday dorini shifokor tavsiyasisiz nafaqat sotib olish, balki qabul qilish ham mumkinligiga qattiq ishonadilar. Bunday davlatlarda esa dori vositalarining erkin savdosi bilan birga ana shunday firibgarliklarga ham keng imkoniyatlar mavjud.

Qissadan hissa, «Somova xonim»ning sizga yozgan maktubini o‘qib qolsangiz, bunday «ajoyib» dorini izlashga tushib ketmang. Topganingizda ham pulni sanashga shoshmang. Eng muhimi, shifokor tavsiyasi va nazoratisiz ichilgan dori zaharga aylanishi mumkinligini unutmang.

«Bosh farmatsevt o‘rinbosari»ning xabarini oshiqib tarqatayotganlar esa real jazoga tortilishlari mumkin va bu amaliyot allaqachon boshlangan.

Abror Zohidov

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top