11:30 / 14.08.2020
64620

Video: Namanganlik yigit chegarachi bilan bahslashdi. DXX Chegara qo‘shinlari rasmiy izoh berdi

Namanganda 22 yoshli yigit chegara hududida xizmat olib borayotgan DXX Chegara qo‘shinlari zobiti bilan bahslashib, uning iti bilan o‘z itini urushtirdi. U olgan video internetda tarqalgach, holatga DXX Chegara qo‘shinlari munosabat bildirdi.

Shu hafta boshida ijtimoiy tarmoqlar va Telegram-kanallarda fuqaroning chegarachi askar bilan bahsli muloqoti aks etgan video tarqaldi. DXX Chegara qo‘shinlari holat yuzasidan izoh berib, fuqaroga nisbatan chora ko‘rilishini bildirdi.

Ma'lum bo‘lishicha, voqea shu yilning 9 avgust kuni Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi «Mamay» MFY chegaraoldi hududida ro‘y bergan.

Tasvirlarda videoni olgan yigit harbiy xizmatchi oldiga borib, undan bu yerda yurmaslikni, bevosita chegara oldiga ketishini talab qiladi. U DXX xodimiga yaqinlasharkan, zobit undan olib kelayotgan iti chegara xizmatining iti bilan urushib ketishidan ogohlantiradi, ko‘p o‘tmay shunday ham bo‘ladi.

DXX Chegara qo‘shinlari axborotiga ko‘ra, videoni tasvirga olgan yigit J.U. shu hududda istiqomat qiladi.

«Ta'kidlash joizki, mazkur hududda chegara buzuvchilar tomonidan bir necha bor qonun buzilish holatlari amalga oshirilib, noqonuniy ravishda narkotik va kontrabanda vositalarini olib o‘tishga harakat qilingan. Bunday holatlarning barchasining oldi olinib, qonunbuzarlar tegishli tartibda javobgarlikka tortilgan. Shu bois, ushbu yo‘nalishlar chegara naryadlari tomonidan muntazam tarzda nazorat qilib boriladi», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Ta'kidlanishicha, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida»gi qonunning 39-moddasiga muvofiq, DXX Chegara qo‘shinlari joylarning har qanday uchastkalarida chegara naryadlarini joylashtirish va harakat qilish huquqiga ega.

«Tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushbu fuqaro bilan suhbat o‘tkazilganda, o‘zining amalga oshirgan xatti-harakati noto‘g‘ri ekani va pushaymonligini bildirdi. Hozirgi vaqtda ushbu fuqaroga nisbatan sodir etgan qilmishi uchun belgilangan tartibda chora ko‘rish ishlari olib borilmoqda», – deya qayd etilgan DXX Chegara qo‘shinlari xabarida.

Xabarga fuqaro J.U.ning o‘z qilmishidan pushaymon ekanini aytgan videosi ilova qilingan.

Yigitning aytishicha, u 1998 yilda Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, hozirda chegara hududidagi fermer xo‘jaligida ishlaydi. U 9 avgust kuni fermer xo‘jaligi yerida ishlayotgan vaqtida xizmat o‘tayotgan chegarachining faoliyatiga qarshilik qilgani, uning iti bilan o‘zining kuchugini urushtirgani, buyruqlarga bo‘ysunmagani, o‘sha holatni videoga olib, internetga joylaganini tan olgan.

«Hozirda tushunib yetdimki, juda katta ayb ish qildim. Shu ishimdan mingdan ming pushaymonman. Iloji bo‘lsa, meni kechiringlar. Boshqa qaytarilmaydi. Iltimos qilaman, kechiringlar meni», – degan u.

Top