08:26 / 14.08.2020
4751

Yo‘l harakati qoidalarini buzgan xorijlik haydovchi O‘zbekistondan chiqib ketishda jarima to‘laydi

Vazirlar Mahkamasining 5.08.2020 yildagi «Yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 463-son qarori qabul qilindi.

Qaror bilan O‘zbekiston hududida Yo‘l harakati qoidalarini (YHQ) buzgan xorijiy avtotransport vositalari haydovchilari yoki boshqa shaxslardan tegishli jarimalarni ushbu avtotransport vositalari respublika hududidan olib chiqib ketilganda bojxona organlari tomonidan ichki ishlar organlari «onlayn» rejimda taqdim etgan ma'lumotlar asosida undirish mexanizmi joriy etiladi.
 
Norma’ning yozishicha, ushbu qoida quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

• O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining, shuningdek ularga tenglashtirilgan tashkilotlarning avtotransport vositalariga;
• O‘zbekiston hududiga vaqtincha kirgan yoki tranzit harakatlanishda bo‘lgan xorijiy rasmiy delegatsiyalar avtotransport vositalariga.
 
Davlat bojxona qo‘mitasiga (DBQ) IIV bilan birgalikda xorijiy avtotransport vositalari YHQni buzganligini aniqlash maqsadida IIVning maxsus avtomatlashtirish foto- va videofiksatsiya ma'lumotlar bazasini bir oy muddatda DBQ ma'lumotlar bazasi bilan integratsiyalashtirish topshirildi.
 
Bojxona organlari tomonidan undirilgan jarima summasidan IIVning budjetdan tashqari jamg‘armasiga ajratilishi belgilangan qismning 50 foizi DBQning Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilgan xarajatlar maxsus jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
 
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida YHQni buzgan xorijiy avtotransport vositalari haydovchilaridan jarimalarni undirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
 
Bojxona organi xodimi tomonidan xorijiy transport vositasi haydovchisi yoki uni amalda olib chiqayotgan boshqa shaxsdan jarimalarni undirishda IIVning ma'lumotlar bazasidan DBQning ma'lumotlar bazasiga kelib tushgan jarima solish to‘g‘risidagi qaror asos bo‘ladi.
 
Bojxona organi xodimi tomonidan qoidabuzar jarima to‘laganidan keyin avtotransport vositasining respublikadan olib chiqilishiga yo‘l qo‘yilishi to‘g‘risida ogohlantiriladi.
 
Jarima xorijiy avtotransport vositasining egasidan, haydovchisidan yoki uni amalda olib chiqayotgan boshqa shaxsdan undiriladi. Ular jarimani chegara bojxona postidagi bank kassalari yoki elektron to‘lov tizimlari yoxud o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish terminallari orqali to‘laydilar.
 
Jarima to‘lanmagan taqdirda, bojxona organlariga hududiy ichki ishlar organlari bilan birgalikda mazkur jarima summasi to‘liq undirilgunga qadar MJTKning 291-moddasida belgilangan tartibda ushbu transport vositalari vaqtincha saqlovga olinadi. Transport belgilangan joylarda 60 kun mobaynida saqlanadi. Ushbu muddat ichida jarima summasi to‘lanmagan taqdirda, to‘lanmagan qarzdorlik summasini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda majburiy ijro byurosi yoki sud orqali undirish choralari ko‘riladi.
 
Hujjat 6.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid
Top