16:57 / 14.08.2020
10727
Yolg‘iz ayolning vujudida uch dard – jiyani qo‘lida qolgan inson yordam kutmoqda

Ba'zan suratlar hammasi haqida yaqqol so‘zlab turadi. Navbatdagi xayriya aksiyamiz qahramoni, yolg‘iz o‘tayotgan ayolning dardlari uning qiyofasida aks etmoqda, azoblar nigohlarga jo bo‘lgan.

– Xolam Zilola Abdurahmonova 45 yoshdalar. Taqdiri bo‘lmay turmush qurmagan. Avvaliga insultga chalindi, undan tuzalguncha sil kasallari qo‘zg‘aldi va butunlay yotib qoldi. Kamiga ichak kasalligi ham qo‘shilib, bir yil ichida ozib, cho‘pday bo‘lib ketdi.

Onam o‘tib ketganlar, shu bemor xolam bilan opa-singil bo‘lishgan. Onamdan keyin hech kimlari qolmadi, men imkon qadar parvarishlayapman. O‘zim ham turmushimdan ajralganman, bolalarim bor. Hech narsaga yetkaza olmayman, – deydi bemorning jiyani Komila Fayziyeva.

Ijara uyda yashaymiz, uy pulini to‘laguncha necha kishiga sarg‘ayaman. Xolamni yaxshilab tekshirtirishga, zarur dori-darmonlarini olib berish ilojim bo‘lmayapti. Xolamni oldin yaxshilab davolash, keyin uzoq muddatli reabilitatsiya qilish kerak bo‘ladi. Bemorga qarash, ayniqsa hamma narsasi o‘rnida bo‘lib qolgan yotoq insonni parvarishlash qanaqa ekanligini boshidan o‘tkazganlar biladi. Men mehnatimga zarracha minnat qilmayman, ammo moddiy tarafiga kelganda qo‘lim kalta. Bolalarim, xolamni tashlab chiqib ishlolmayman, ishlaganimda ham bu xarajatlarga yarasha pul topa olmayman. Kun.uz saytining saxiy mushtariylaridan yordam so‘rashga majbur bo‘layapman. Biz uchun ozgina ko‘mak ham katta gap, – so‘zlarini tugatdi Komila.

 Zilola Abdurahmonovaga oid ma'lumotlar:

Plastik karta raqami: 8600 0417 3357 7887 (Agrobank, Zilola Abdurahmonova nomida)

Sberbank: 4276 3801 5887 0969 (Tolib Rahmatov nomida)

Telefon raqamlari: +998977061082

 Azizlar! Bu safargi maqolamizda qandaydir yirik mablag‘, aniq maqsad ko‘zlanmagan. Lekin bemorning ahvolini ko‘rib turibsiz va yordamning hajmiga ko‘ra ular harakat qilaverishadi. Ishonamizki yana bir insonning og‘iri yengil bo‘lish arafasida.

 Abror Zohidov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top