20:04 / 15.08.2020
17132
Hindiston koronavirusga qarshi uchta vaksinani ishlab chiqarishga tayyor

Hindiston koronavirusga qarshi uchta vaksinani sinovdan o‘tkazmoqda va uni aholi orasida tarqatish rejasini tayyorlab qo‘ygan.

Foto: APA

Bu haqda 15 avgust kuni mamlakat bosh vaziri Narendra Modi xabar berdi.

«Uchta vaksina sinovlarning turli bosqichidan o‘tmoqda. Olimlar ruxsat bergunga qadar, biz ularning ishlab chiqarish rejasini tayyorlab qo‘yamiz. Vaksinani har bir hindistonlikka maksimal darajada qisqa vaqt ichida yetib borishi bo‘yicha yo‘l xaritasini tuzib qo‘ydik», - dedi bosh vazir.

Modi sog‘liqni saqlashning raqamli milliy dasturi doirasida har bir hindistonlik salomatlik identifikatsiya kartasi (Health ID card) bilan ta'minlanishini aytdi.

«Har bir hindistonlik salomatlik identifikatsiya kartasini oladi. Shifokor yoki dorixonaga borganida bu salomatlik kartasiga kiritiladi va umummilliy darajadagi profilda saqlanadi. Shifokorning tavsiyasidan tortib, dorini olishgacha bo‘lgan ma'lumotlar salomatlik profilida aks ettiriladi», - dedi Modi.

Shuningdek, bosh vazir pandemiya bilan kurashayotganlarga alohida minnatdorchilik bildirdi. 

«Millat nomidan koronavirusga qarshi kurashayotganlarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Millatimizga xizmat qilayotgan sog‘liqni saqlash sohasining barcha xodimlari, shifokorlar, hamshiralardan minnatdormiz», - dedi bosh vazir.

Avvalroq Hindistonning Zydus Cadila va Bharat Biotech kompaniyalari ZyCoV-D va COVAXIN vaksinalarini sinovlarning ilk bosqichidan o‘tganini e'lon qilishgan edi.

Bundan tashqari, Hindiston zardob instituti Oksford universiteti va AstraZeneca kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Covishield vaksinasining yakuniy bosqich sinovlari boshlanganini e'lon qildi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top