18:06 / 15.08.2020
26443
Lukashenko yaqinlari Rossiyaga qochish imkoniyatini o‘rganishgan – Bloomberg 

Lukashenko atrofidagi odamlar Belarusning amaldagi hukumati chetlatilgan taqdirda, Rossiyaga qochish imkoniyatlarini Kreml mulozimlaridan «qiziqib ko‘rishgan», deb xabar berdi Bloomberg. 

Foto: Getty Images

Rasmiy Moskva Lukashenkoning prezidentlikdan ketish ehtimoli bor, lekin, namoyishlarni qattiqqo‘llik bilan bostirilishi uning hokimiyatda qolish muddatini biroz bo‘lsa-da uzaytirishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Hozircha Aleksandr Lukashenko Belarusni tark etish rejasi yo‘qligini aytyapti, ammo uning atrofidagi odamlar hokimiyatdan chetlatilgan taqdirda, Rossiyaga qochish imkoniyatini o‘rganishmoqda, deb yozdi Bloomberg Moskvadagi 2ta manbasiga tayangan holda. Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Belarus yetakchisining yaqinlari bu masala bo‘yicha Kremldagi «tanishlardan qiziqib ko‘rishgan».

«Hech kim Lukashenkoning kelajagiga ishonch bilan qaramayapti. U qisqa muddatli istiqbolda namoyishlarni bostirishi mumkin, ammo bunda katta muammo kelib chiqadi», — dedi Rossiyaning tashqi va mudofaa siyosati kengashi rahbari Fyodor Lukyanov. 

Polittexnolog Gleb Pavlovskiy so‘zlariga ko‘ra, Putin Lukashenkoga harbiy yordam berishni istamayapti, chunki bu Belarusda aksilrossiya kayfiyatini zo‘rayishiga olib kelishi mumkin.

«Lukashenko hozir Belarusni emas, faqat xavfsizlik kuchlarini nazorat qilmoqda, ammo ular unga sodiq qoladimi? Bu tushunarsiz», — deb ta'kidladi u va «bu voqealar Putinga bosh og‘rig‘i bo‘lib turibdi», deb qo‘shimcha qildi.

Bloomberg agentligining ta'kidlashicha, avval Kreml Lukashenkoning prezidentlik muddati uzayishiga ishongan edi. Ammo Belarus tarixidagi eng yirik norozilik namoyishlarida politsiyaning qattiqqo‘llik bilan bostirishi vaziyatni o‘zgartirdi.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top